Qayd etilishicha, 19 aprel kuni fuqaro O.J. otasi nomida bo‘lgan Gentra rusumli avtomashinani tanishi — haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan S.P.ga boshqarish uchun taqdim qilib, o‘zi avtomashinaning oldi yo‘lovchi o‘rindig‘ida kelgan, orqa o‘rindig‘ida uch nafar ularning tanishlari bo‘lgan.
Ular Chilonzor tumani TXAY-Chorbog‘ ko‘chasida tartibsiz harakatlanib, dastlab Damas rusumli avtomashinani urib yuborib, shikast yetkazgan.
Shunda ushbu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan YHXB xodimlari ularga “to‘xtash” buyrug‘ini bergan bo‘lsada, S.P. bunga bo‘ysunmasdan, J.O.ning ko‘rsatmasi bo‘yicha harakatni davom ettirgan. Natijada u Cobalt va 2 ta Gentra rusumli avtomobillar bilan to‘qnashuv sodir qilib, haydovchilarga tan jarohati va avtomashinalarga shikast yetkazgan, so‘ng Matiz rusumli avtomashina (jami 5 ta avtomashina) bilan to‘qnashuv sodir qilib, boshqaruvni to‘xtatgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda fuqarolar S.P. va J.O. nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b” bandi (o‘zganing mulkiga shikast yetkazish) va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan ayb eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
O‘z navbatida, avtoulovni orqa o‘rindig‘ida kelgan fuqarolar P.G., Q.D., R.B. jamoat joyida mayda bezorilik va ichki ishlar organlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi hamda harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli ularga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183 va 194-moddalari asosida 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.


