Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi.
Poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 8-yanvar kuni soat taxminan 05:00 da Yangi O‘zbekiston ko‘chasining ikkinchi darajali yo‘lida 2004-yilda tug‘ilgan M.R. boshqaruvidagi Onix rusumli avtomobil harakatlanib kelayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetida harakatsiz to‘xtab turgan GAZ-63 yuk avtomashinasiga borib urilgan.
YTH oqibatida Onix avtomobilining yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video va suratlarda to‘qnashuv natijasida har ikki transport vositasi yonib ketgani aks etgan. Haydovchilarning holati haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.


