Xabaringiz bor, so‘nggi paytlarda dollarning qulashi va uning eng yirik valyuta maqomini yo‘qotishi haqida mish-mishlar ko‘paydi. Xo‘sh, bunga asos bormi?
Dollar dunyodagi eng kuchli iqtisodiyotga ega AQSH tomonidan qo‘llab quvvatlanadi. Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini oshirishda davom etishi haqidagi shubhalar fonida dollar ham qadrsizlanyapti. Boshqa tomondan, AQSHda retsessiya yuz berishi xavfi ham saqlanib turibdi.
Ha, dollar uzoq davom etadigan zaiflashuvni boshdan kechirishi mumkin. Biroq bu uning global zaxira valyutasi sifatidagi tengsiz mavqeyiga taʼsir qilmaydi.
Xalqaro valyuta zaxiralarining 58,3 foizi AQSH dollari hisobiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rindagi yevroda bu ko‘rsatkich 20,4 foiz. Farq judayam katta, bundan dollar qulashi haqidagi xavotirlar asosga ega emasligi ko‘rinadi.
Kriptovalyuta dollarning o‘rnini egallaydimi?
Pandemiyadan so‘ng kriptovalyutalar dollarning o‘rnini egallashi haqidagi gap-so‘zlar ko‘paydi. Bitkoin shu darajada tez o‘sa boshladiki, unga kelalak valyutasi sifatida qarala boshlandi.
Biroq 69 ming dollarlik cho‘qqini zabt etgan bitkoin 16 ming dollargacha keskin qadrsizlandi. Investorlarning bitkoinga bo‘lgan qiziqishi pasaydi. Bu esa hali kriptovalyutalarga anʼanaviy pullar o‘rnini bosishi uchun ancha vaqt kerakligini ko‘rsatdi.
Dollar va so‘m
Dollarning global valyutalar savatiga (beshta valyutani o‘z ichiga oladi) nisbatan qiymati pandemiyadan keyin barqaror o‘sdi. Ammo 2022 yilning to‘rtinchi choragidan boshlab pasaya boshladi.
Biroq bu davrda dollarning so‘mga nisbatan qiymati o‘sa boshladi va hattoki 11 oylik maksimumga ham yetdi. Dollar qadrsizlandi, ammo so‘m undan ham ko‘proq.
Demak, O‘zbekistonda dollar pasayishi so‘mning qiymatiga ham bog‘liq.


