AQSH prezidenti Jozef Bayden davlat kotibi Entoni Blinkenga Ukrainaga darhol harbiy yordam berishga topshiriq berdi. Bu haqda Oq uy maxsus hujjat ishlab chiqqan.
Unga ko‘ra, Vashington Ukrainaga 350 million dollarlik mudofaa vositalari va mudofaa vazirligi xizmatlarini yetkazib berishi kerak. Shu bilan birga, harbiy taʼlim va tayyorgarlik masalasida ham ko‘mak berish ko‘zda tutilgan.
Keyinchalik qo‘shimcha 250 millionlik qurol va xizmatlar ham yetkazib berilishi mumkin.
Maʼlumot o‘rnida: Rossiya 24 fevral kuni Ukraina sharqida maxsus operatsiya o‘tkazishni boshladi. Hozirda Ukrainaning ko‘plab harbiy obyektlariga aviazarbalar berilgan. RF mudofaa vazirligi ukrain armiyasining havo-hujumiga qarshi tizimlari to‘liq ishdan chiqqanini maʼlum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi ikki kunda 50 ming ukrainalik vatanini tark etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.


