Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush tufayli Moskvaga bosimni kuchaytirishga qaratilgan 9-sanksiyalar paketini ishlab chiqdi. Uning doirasida Rossiya amaldorlari va harbiylarining sayohatlarini taqiqlash hamda aktivlarini muzlatish maqsad qilingan.
Takliflar Yevropa Ittifoqining ijroiya organi – Yevrokomissiya tomonidan berilgan. Uning raisi Ursula fon der Leyen shunday dedi:
"Birinchidan, biz sanksiyalar ro‘yxatiga yana 200 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarni qo‘shishni taklif qilamiz. Bunga Rossiya Qurolli Kuchlari, alohida ofiserlar va mudofaa sanoati korxonalari, shuningdek, Davlat Dumasi deputatlari, Federal Kengashi, vazirlar, gubernatorlar va siyosatchilar kiradi".
Paket shuningdek, ikki tomonlama foydalaniladigan dronlar va ularning komponentlarini yetkazib berish bo‘yicha eksport cheklovlarini ham o‘z ichiga oladi.
Ushbu chora-tadbirlar kuchga kirishidan oldin Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha 27 davlat tomonidan muhokama qilinishi va ma’qullanishi kerak. Yangi sanksiyalar RF mudofaa sanoati va banklariga jiddiy zarba berishga, shuningdek, Rossiyani uchuvchisiz uchish apparatlaridan mahrum qilishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqi a’zolariga Moskvaning energetika va tog‘-kon sanoati sohalariga qarshi choralar ko‘rishni tavsiya qiladi, jumladan, tog‘-kon sanoatiga yangi sarmoya kiritishga taqiq qo‘yish, shuningdek, rus telekanallarining Yevropadagi namoyishini to‘xtatish shular jumlasidandir.


