Fleshka yeyildimi, yutildimi, yo‘qotildimi — “Zamon.uz” muxbiri oydinlik kiritdi
Bugun ijtimoiy tamoqlarda Ishtixonda yonib ketgan bozor haqida lavha tayyorlamoqchi bo‘lgan telekanal tasvirchisining qo‘lidagi kamerasidagi xotira kartasini (fleshka) tuman hokimligi axborot xizmati xodimi Ilhom Boboyev sug‘urib olib, og‘ziga solib yeb qo‘ygani haqida xabar tarqaldi.


Zamon.uz muxbiri tuman hokimligi axborot xizmati xodimi Ilhom Boboyev bilan bog‘landi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, bir necha kun avval Ishtixon tumani bozorida yuzaga kelgan yong‘in bo‘yicha voqea joyida aholi yig‘ilgan. Shu vaqt telekanal muxbiri va tasvirchisi tasvirga olish jarayonlarini boshlagan. Hokimlik vakili yong‘in bo‘lgan joy xavfli holatda ekanligini inobatga olib, yonib ketgan ustunlar odamlar ustiga qulashi mumkin degan xavotirda fuqarolar tarqalsin, keyin tasvirga olasizlar, deb kamerani o‘chirib turishni so‘ragan. O‘rtada kelishmovchilik yuzaga kelgan. Telekanal xodimlari tasvirga olishni davom ettirgan. Shu vaqt hokimlik vakili fleshkani kameradan sug‘urib olgan, biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgandek yutib yubormagan.
Ammo fleshka yo‘qolgan. Samarqand viloyat hokimligi o‘z ijtimoiy tarmog‘ida Ishtixon tumanida hokimlik matbuot xizmati va jurnalist bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi axborot xizmati hamda AOKA hududiy boshqarmasi tomonidan ikkala tomon ishtirokida to‘liq o‘rganib chiqilishi belgilangani haqida ma'lumot bergan.
Munojat Valiyeva







