2020 yilda O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 22,5 million kishiga yetgan
Tadbirkorlik subyektlari va tadbirkorlar uchun bir zumda to‘lovlar tizimi 24/7 rejimi ishga tushirildi.


Bu haqda axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumida maʼlum qilindi.
2020 yilda O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar soni 22,5 million kishiga yetdi, bu 2016 yilga nisbatan deyarli 17 foizga ko‘p (17,9 million kishi). Shu davrda optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 2,5 barobarga oshdi, ularning umumiy uzunligi 55,6 ming kilometrga yetkazildi, 2016 yilda esa bu ko‘rsatkich 22 ming kilometrni tashkil etdi.
Forumda 2020-2022 yillarda butun mamlakat bo‘ylab aholi punktlarini Internet bilan qamrab olish darajasini oshirish, xususan, keng polosali ulanish portlarini 2,5 million donaga yetkazish, 20 ming kilometr optik-tolali kabellarni yotqizish rejalashtirilganligi taʼkidlandi. Uyali aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali aholining mobil Internet bilan qamrovini 95 foizgacha oshirish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda respublikada raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat elementlarini izchil joriy etishga, shuningdek, bank sektorini raqamlashtirishga qaratilgan 260 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik subyektlari va tadbirkorlar uchun bir zumda to‘lovlar tizimi 24/7 rejimi ishga tushirildi.
Shuningdek, raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2,2 foizni tashkil etishi qayd etildi. 2023 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni ikki barobarga, elektron hukumat xizmatlari ulushini esa 2022 yilga kelib 60 foizgacha oshirish rejalashtirilganligi taʼkidlandi.







