Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektoriga pora taklif qilgan shaxs ushlandi
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya xodimlari Yangiyo‘l tumani hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotganini aniqlashdi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya xodimlari Yangiyo‘l tumani hududida noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotganini aniqlashdi.
Qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar rasmiylashtirilib, qum-shag‘al qazishga jalb etilgan texnikalar vaqtincha maxsus joyga joylashtirildi.

Lekin ekoinspektorlar huzurida fuqaro X. paydo bo‘lib, mazkur “biznes” unga tegishli ekani hamda shu ishni imi-jimida yopishni so‘raydi. Buning uchun 4 000 AQSH dollari miqdorida pora taklif qiladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi xodimlari bu taklifni keskin rad etishadi va huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishadi. X esa ularga yana boshqa yo‘llar bilan taʼsir o‘tkazishga harakat qiladi. Natijada X. ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektoriga pora berishga urinayotganda Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura departamenti xodimlari tomonidan voqea joyida qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.







