Jamiyat

Dunyoda yelim chiqindilar tabiatning ifloslanishiga katta taʼsir ko‘rsatadi

Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat va ichimliklar yelim idishlari 31.1 foiz, konteyner qopqoqlari 15.5 foiz, polietilen paketlar 11.8 foiz va suv uchun mo‘ljallangan yelim idishlar 7.27 foiz atrofida chiqindilarni hosil qiladi.

Dunyoda yelim chiqindilar tabiatning ifloslanishiga katta taʼsir ko‘rsatadi

Atrof-muhit ifloslanishi, chirimaydigan chiqindilar, ayniqsa, yelim suv idishlari oqibatida dengiz ekotizimlari jiddiy tanazzulga yuz tutayotgani, daraxtlar va o‘simliklar nafas ololmayotgani haqida ko‘p gapiramiz. Ushbu yechimsiz muammolar yelim chiqindilar tufayli desak adashmaymiz.

Sababi biz kundalik hayotda foydalanadigan aksariyat yelim idishlarning yarmidan ko‘pi bir marta ishlatilgandan so‘ng tashlab yuboriladi. Ular dengiz ekotizimiga zarar yetkazadi, sohillarda chiqindi uyumlarini paydo qiladi.

Dunyo bo‘ylab oziq-ovqat va ichimliklar yelim idishlari 31.1 foiz, konteyner qopqoqlari 15.5 foiz, polietilen paketlar 11.8 foiz va suv uchun mo‘ljallangan yelim idishlar 7.27 foiz atrofida chiqindilarni hosil qiladi.

2016 yilda dunyo bo‘ylab 480 milliarddan ziyod yelim ichimlik idishlari sotilgan. “EuroMonitor” xalqaro tashkilotining global qadoqlash tendensiyalari hisobotidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 583.3 milliardni tashkil etadi.

Eng ko‘p yelim suv idishlarini asosiy ichimliklar kompaniyalari ishlab chiqaradi. Masalan, Coca-Cola har yili 100 milliarddan ziyod yelim idishlarni ishlab chiqaradi, yaʼni sekundiga 3400 yelim idish ishlab chiqaradi, desak ham bo‘ladi. Kompaniya o‘zining global yelim idish ishlab chiqarish  hajmini ommaviy ravishda oshkor qilishdan bosh tortgan.

Atrofimizda qayta ishlatilmaydigan va qayta tiklanmaydigan yelim chiqindilar uyulib borar ekan, biz butun sayyoramizni «ishdan chiqaramiz». Yelim chiqndilardan foydalanishni cheklash uchun jamoaviy harakatlar zarur. Qayta ishlab chiqarishni ko‘rib chiqishimiz kerak. Ayni paytda, biz yelim idishlarni dengizda emas, balki quruqlikda saqlashga choralar ko‘rishimiz lozim, deyiladi tabiatni muhofaza qiluvchi “Greenpiece” xalqaro tashkiloti bayonotida.

Ichimlik idishlari chiqindilarini kamaytirishning eng maqbul yo‘li - o‘zingiz qayta ishlatadigan idishni olib yurish. Suv quyish shoxobchalaridan idishingizni suvga to‘ldirib olishingiz mumkin. Bu orqali plastmassa chiqindilar kamayadi.

Dunyoda yelim chiqindilar tabiatning ifloslanishiga katta taʼsir ko‘rsatadi | Zamon.uz