Eng yaxshi biznes universitetlar aniqlandi
Britaniya Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi va “Change School” bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari uchun tashkil etilgan “Tadbirkorlik universiteti mukofoti” natijalari sarhisob qilindi.

Britaniya Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi va “Change School” bilan hamkorlikda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari uchun tashkil etilgan “Tadbirkorlik universiteti mukofoti” natijalari sarhisob qilindi.
Tanlovda uchun Britaniya Kengashining “Creative Spark” dasturi ishtirokchilari bo‘lgan 11 ta yetakchi universitet sakkizta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdi. G‘oliblarni tanlash Buyuk Britaniyaning yetakchi tadqiqot markazlarining ijodiy-iqtisodiyot mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.

– Ushbu tashabbus jamoalarning birgalikdagi ishlarini namoyish etish va mehnatning samarasi uchun ajoyib imkoniyat. Ushbu tadbirda universitetlarning ishtirok etishi juda muhim, chunki u ijodiy fikrlash, kooperatsiya va tarmoqni rivojlantirishga yordam beradi. Qolaversa, iqtisodiy rivojlanish, ish bilan taʼminlash va yangi korxonalar yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi, - deydi O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktorining o‘rinbosari Jamila G‘ulomova.
Toshkent davlat texnika universiteti “Yilning tadbirkor universiteti” mukofoti g‘olibi bo‘ldi. Universitet talabalarning g‘oyadan tijoratgacha bo‘lgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun “Yil mukofoti”, “Muqobil energiya manbalari” o‘quv dasturini joriy qilganligi uchun “Yashil universitet” kabi uchta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti “To‘qimachilik”, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Taʼsir”, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti “O‘quv dasturida tadbirkorlik” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, “Creative Spark” – bu Britaniya Kengashi dasturi bo‘lib, u yoshlar o‘rtasida ijodiy tadbirkorlik taʼlimi, ishbilarmonlik tafakkuri va ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun oliy taʼlim sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Dastur MDHning yettita mamlakatida ishlaydi va Buyuk Britaniya mintaqada ijodiy iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadi. Dasturda 110 ta universitet ishtirok etadi. So‘nggi uch yilda hududda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 750 mingdan ziyod yoshlar malaka oshirdi, 65 o‘quv kursi va 15 biznes-inkubator ochildi.







