Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalari amal qilishiga 6 oydan qamroq vaqt qoldi
Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun 6 oydan qamroq vaqt qolyapti.

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish uchun 6 oydan qamroq vaqt qolyapti. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi eslatma bilan chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi «Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 116-son qaroriga ko‘ra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati 2021 yil 31 dekabr kuniga qadar belgilangan.
Vakolatli organdan olingan statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2017 yil 1 oktyabrdan 2021 yil 1 iyuniga qadar respublikamiz bo‘yicha 4.600.000 dan ortiq haydovchilardan 2.200.000 (50%)ga yaqin haydovchilar eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirishgan.
Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaatchilarga tez va qulay tarzda xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Xususan, milliy haydovchilik guvohnomalarini guvohnomaning yangi namunalariga almashtirish haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi.
Shuningdek, qarorga qo‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilangan.
Hozirda Toshkent shahridagi 7 ta tumanlarida yaʼni Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor, Yashnobod tuman Davlat xizmatlari markazlari orqali eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirishingiz mumkin.







