Jamiyat

Surxondaryoning o‘z qonuni bor (mi)?!

Tabiatni asrab-avaylash muqaddas burchimiz. Ammo so‘nggi paytlarda insoniyat tomonidan ko‘rsatilayotgan “mehr”dan yuraklar larzaga keladi.

Surxondaryoning o‘z qonuni bor (mi)?!

 

 

Surxondaryo viloyatining Denov tumani markazida joylashgan yangi qurilayotgan hokimlik binosi qarshisidagi daraxtlarning kesib tashlangani ko‘pchilikning eʼtiroziga sabab bo‘lmoqda. Buni ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilarining fikr-mulohazalaridan ham bilish mumkin. Mazkur vaziyatga deputat Rasul Kusherbayev ham beeʼtibor bo‘lmadi:

 

 


“Denovda daraxtlar bilan bog‘liq vaziyat biz o‘ylagandan ko‘ra jiddiyroq bo‘lib chiqdi.

 

Tuman markazidagi Sharof Rashidov, Namozgoh mahallasidan o‘tgan yo‘l qatnov qismi va boshqa yerlarda ham yuzlab (balki minglabdir) qimmatbaho daraxtlar oshkora kesib tashlangan, hatto o‘tin sifatida sotuvga qo‘yilganlari ham bor. Har qadamda kesilgan daraxt o‘rniga duch kelib yig‘lamoqdan beri bo‘lasiz. Qonunsizlikning cho‘qqisi.

 

 

Vaziyatga izoh talab qilishning keragi ham yo‘qmi,deyman-da. Chunki Surxondaryoda qonunlar ishlamasligi, masʼullar qonun oldida javob bermasligiga  ko‘pchiligimiz o‘rganib ham qoldik. Prezident Farmoni ham oyoq osti qilinmoqda, lekin hamma jim... Bu hududning o‘z qonuni borga o‘xshaydi: yashasin qonunsizlik, o‘lsin ona tabiat”, deya izoh qoldirgan  deputat o‘zining facebookdagi sahifasida.

 

Masʼullar nima deydi?


Davlat ekologiya qo‘mitasi bergan rasmiy maʼlumotga ko‘ra, ushbu holat Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining davlat inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda "Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK"ning uchastka bo‘limi boshlig‘i J.F. tomonidan 109 tup qimmatbaho daraxtlarni ruxsatnomasiz kesib tashlanganligi aniqlandi.

 

 


Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, uchastka bo‘lim boshlig‘i J.F.ga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, yaʼni 2 245 000 so‘m miqdorida jarima va o‘simlik dunyosiga 329 157 500 (uch yuz yigirma to‘qqiz million bir yuz ellik yetti ming besh yuz so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.

 


Hozirda jarima va o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, "Denov tuman yo‘llardan foydalanish UK"ga xar bir kesilgan daraxtlar o‘rniga 100 donadan, yaʼni 10 900 dona qimmatbaho daraxt ko‘chatlari ekish va 3 yil davomida ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish haqida ko‘rsatma berildi.


Shu o‘rinda bir haqli savol tug‘iladi: tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi xodimlari Denovda daraxtlar kesilganini nega ijtimoiy tarmoqlarda chiqqanidan so‘ng “bilib qolishdi”? Axir, ular o‘sha hududdagi atrof-muhitni muhofaza qilish uchun masʼul emasmi? Bu savolga kim javob beradi?
Masʼullardan javob kutib qolamiz. 

 

 

 

 


 

Bahriniso MADUMAROVA

Surxondaryoning o‘z qonuni bor (mi)?! | Zamon.uz