5 nafar bolaga aliment to‘lashdan bosh tortgan otaga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Voyaga yetmagan farzandlarning moddiy taʼminoti uchun aliment pullarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan ota-onalarga nisbatan Majburiy ijro byurosi tomonidan qonuniy taʼsir choralari qo‘llanilib kelinmoqda.


Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2017 yildagi buyrug‘iga asosan J. Ravshanovdan voyaga yetmagan besh nafar farzdandlarining moddiy taʼminoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 50 foiz miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lsada, qarzdor aliment pullarini to‘lashdan buyin tovlab kelgan.
Farzandlarining moddiy taʼminotiga javobgar bo‘lgan ota Majburiy ijro byurosi xodimlarining bir necha bor rasmiy ogohlantirishlariga qaramay aliment to‘lashdan bosh tortib kelganligi uchun Qiziriq tuman maʼmuriy sudining qarori bilan aybli deb topilib, o‘n sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Afsuski, sodir etgan huquqbuzarligidan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan farzandari oldidagi moddiy majburiyatini yani aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi uchun J.Ravshananovga nisbatan Majburiy ijro byurosi Bandixon tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Surishtiruv harakatlari davomida qarzdor J.Ravshananovning birinchi iyun holatiga 48,6 million so‘mdan ortiq mavjud aliment qarzdorligi aniqlandi.
Aliment qarzdorligini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan otaga huquqiy tushunchalar berilib, qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda Jinoyat kodeksining mazkur moddasiga asosan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolananishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.







