Jamiyat

“Koronavirus aslida yo‘q narsa, deb...”- o‘limdan omon qolgan qiz hikoyasi

”koronavirus aslida yo‘q narsa, sodda odamlarni qo‘rqitish uchun o‘ylab topilgan” deya javob berardim.

“Koronavirus aslida yo‘q narsa, deb...”- o‘limdan omon qolgan qiz hikoyasi

Boshlanishi

2020 yilning 15-avgusti. Bu kunni hech qachon unutolmasam kerak. O‘sha kuni tongda o‘zimni biroz lohas his qilgan bo‘lsam-da, eʼtibor bermadim. Baʼzi ishlarimni bitirish maqsadida nonushta ham qilmasdan uydan chiqib ketdim. To‘g‘risi o‘sha paytlarda covid-19 bilan bog‘liq vaziyat og‘ir bo‘lsada, men buni tan olmasdim, ko‘chalarda atayin niqobsiz yurardim, masofa saqlashniku, umuman yig‘ishtirib qo‘ygan edim. Kimdir menga bu ishlarim noto‘g‘ri ekanligini aytsa: ”koronavirus aslida yo‘q narsa, sodda odamlarni qo‘rqitish uchun o‘ylab topilgan” deya javob berardim.

Tushga yaqin biroz nafas yotishmayotgandek tuyuldi. O‘zimcha "havo issiq, shunga nafas yetishmayotganday bo‘layotgandir” deb, beʼetibor yuraverdim. Lekin soat sayin o‘zimni yomon his qilardim. Bir amallab uyga yetib kelganimni bilaman, birov xuddi qattiq bo‘g‘gandek bo‘ldi, hovlining o‘rtasida hushimdan ketib yiqildim.

Zangiota. Birinchi kun

Ko‘zimni ochsam notanish joydaman. Burnimga nimadir bostirib qo‘yilgan. Yon- atrofga ko‘z yugurtirib shifoxonada ekanligimni bildim. Kimnidir chaqiryapman, lekin ovozim chiqmayotgandek tuyuladi (keyin bilsam onamni chaqirgan ekanman). Birozdan so‘ng yonimga hamshira kirib keldi. Qo‘lida taom solingan idishlar bor. Lekin u odatdagi hamshiralarga o‘xshamaydi. Ko‘zi katta ko‘zoynak bilan to‘silgan, egnida maxsus kiyim, ikki qavatdan niqob. To‘g‘risi, qo‘rqib ketdim. Bu yuzimda ham aks etdimi, hamshira menga dalda bera boshladi. Bir amallab taomni yedirdi, ketidan bir qancha dorilar qabul qildim. Asta -sekin maxsus shifoxonada ekanligimni, Covidga chalinganligimni anglay boshladim. Shundan keyin yana qo‘rquv qaytdi, vahimadan dir-dir titrardim. Hamshira darhol shifokorni chaqirdi. Shifokor kelguncha ming xil xayolga boraman. O‘zimcha: "bu yerdan o‘ligim chiqsa kerak” deb o‘ylayman. Shifokor yetib kelgach, darhol isitmamni o‘lchadi. Isitmam yo‘qligi maʼlum bo‘lgach, vrach menga dalda beruvchi so‘zlarni aytib, yonimga hamshirani (keyinchalik bildim ismi Umida ekan) qoldirib ketdi.

Ikkinchi kun

Ertasi kuni Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida ekanligimni, burnimni bosib turgan narsa sunʼiy nafas oldirish moslamasi ekanligini bildim. Bu ham biroz qo‘rquvga sabab bo‘ldi, lekin qo‘rquv kechagidek kuchli emas edi. Shifokor va hamshiralarning harakatlari menga va boshqa bemorlarga umid baxsh etardi. Bilasizmi, o‘sha kunlari bir narsani anglab yetdim: bemor uchun eng kuchli doridan ko‘ra shifokorning bir og‘iz shirin so‘zi foydaliroq ekan. Zangiotadagi shifokorlar esa nafaqat kuchli bilimlari, balki shirin so‘zlari bilan ham minglab bemorlarning sog‘ayishiga sabab bo‘lishdi.

Uchinchi kun

Uchinchi kuni ahvolim yana og‘irlashdi. Hatto sunʼiy nafas oldirish moslamasi xam kerakli miqdorda kislorod yetkazib bera olmayotgandek edi. Shifokor dam -badam kelib kerakli ko‘rsatmalarni beradi, Hamshira esa vrachning aytganlarini bajaradi. Xayolimda: “nahotki umrim 20 yoshimda tugasa” degan fikr aylanadi. Umida opa bergan dorilarni ham ichgim kelmaydi, u esa baʼzan iltimos bilan, baʼzan majburlash bilan dorilarni ichiradi. Muttasil tepamda turib berilgan dorilar va taomlar o‘z samarasini berdi: yarim tundan keyin ahvolim yaxshilanib, uyquga ketdim.

Shundan keyin butunlay sog‘aya boshladim. 6-kuni sunʼiy nafas oldirish moslamasini olib tashlashdi. Men o‘sha payti yana bir haqiqatni angladim: nafas olish bizga berilgan eng katta neʼmatlardan biri ekan. Umuman, Zangiotadagi o‘tkazgan kunlarimda biz eʼtibor bermaydigan jihatlar aslida eng muhim narsalar ekkanligiga amin bo‘ldim.

Xayrlashuv

Kelganimga ikki hafta bo‘lgandan so‘ng, topshirgan testim nihoyat manfiy chiqdi. Shundan keyin meni shifoxonadan chiqarishga qaror qilishdi. Ketayotganimda barcha xodimlarga chuqur minnatdorchilik bildirdim.

Shifoxonadan bemorlar bilan birga ikki haftalik ish muddati tugagan shifokor va hamshiralar ham chiqib kelishdi. Ularning yuzlariga qaradimu qo‘rqib ketdim: ko‘zlarida charchoq alomatlari yaqqol ko‘rinib turibdi, yuz-ko‘zlariga ko‘zoynak chuqur izlar qoldirgan. Men o‘sha paytda o‘zimdan niqobsiz yurganim, covidni yo‘q kasal deb o‘ylaganim uchun uyalib ketdim. Lekin shifokorlar shunda ham o‘z vazifalarini sidqidildan ado qilishdi, biror bemorga qo‘pol muomala qilishmadi, birorta bemorni o‘z holiga tashlab qo‘yishmadi. Ular nafaqat meni balki butun O‘zbekistonni qutqarishdi. Shifokorlar-haqiqiy qahramonlardir.

 

Jahongir Kuziyev

“Koronavirus aslida yo‘q narsa, deb...”- o‘limdan omon qolgan qiz hikoyasi | Zamon.uz