MTRK tizimida «Hidoyat sari» ilmiy-maʼrifiy onlayn telekanali tashkil etildi
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining OTT platformasida (Over the Top) yoshlarning madaniy-maʼrifiy, diniy bilimlarini oshirish maqsadida "Hidoyat sari" ilmiy-maʼrifiy virtual (onlayn) telekanali tashkil etildi. Bu MTRK direktori Alisher Xo‘jayev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xabar berdi.


“MTRK arxiv fondida diniy ilmiy ekspertizadan o‘tgan, turli talqinga o‘rin bermaydigan darajada ishonchli maʼlumotlarga asoslangan diniy-tasavvufiy, ilmiy-maʼrifiy, islomshunoslik va tarix, ajdodlar merosi kabi turkum teledasturlar, allomalar haqida hujjatli filmlar, ulamo va imom-xatiblarimizning maʼrifiy suhbatlari, shuningdek, hadis-u rivoyatlar asosida tayyorlangan maxsus filmlar, telenovella va ijtimoiy teleroliklarning son jihatdan salmoqli bazasi mavjud,” – deb yozadi Alisher Xo‘jayev.
Hozircha kanal faqat onlayn tartibda ish olib boradi. Uni keyinchalik oflayn, yaʼni alohida telekanal sifatida olib chiqish bo‘yicha aniq maʼlumotlar yo‘q.
"Hidoyat sari" ilmiy-maʼrifiy onlayn telekanalini ushbu havola orqali tomosha qilish mumkin.







