Jamiyat

O‘zbekistonda koronavirus bilan birga pnevmoniyaga chalinish holatlari ham ko‘paymoqda

Bugungi kunda koronavirus bilan birga pnevmoniyaga chalinish holatlari ham ko‘paymoqda, deb eshitmoqdamiz. Bu qanchalik to‘g‘ri?

O‘zbekistonda koronavirus bilan birga pnevmoniyaga chalinish holatlari ham ko‘paymoqda

 

 

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi, tibbiyot fanlari doktori Sevara Ubaydullayeva bu bo‘yicha maʼlumot berdi.

 

— Afsuski bugungi kunda shifokorlarimiz koronavirus bilan bir qatorda boshqa turdagi virus va bakteriyalar chaqirgan pnevmoniya kasalligi bilan ham kurashishga to‘g‘ri kelmoqda. 5 iyun kunidagi maʼlumotlarga ko‘ra, yurtimizda bir kunda 172 kishida pnevmoniya aniqlangan bo‘lsa, kecha bu ko‘rsatkich 195 nafarga yetdi.

To‘g‘ri, bu kasallik xuddi koronavirusga o‘xshab shamollash alomatlaridan boshlanadi, lekin uning kechuvi va organizmdagi o‘zgarishlarida tafovutlar bor.

Pnevmoniya belgilari, asosan, konditsionerlardan meʼyoridan ortiq foydalanish, yaxlatilgan ichimliklarni ko‘p isteʼmol qilish oqibatida kelib chiqmoqda.

Shu bilan birga, anomal issiq kunlari insonda qon quyulishi holatlarini ko‘paytiradi, bu esa o‘z o‘rnida yurak-qon tomir kasalliklarini ko‘payishini ham keltirib chiqarishi mumkin.

Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi bilan birga, issiq kunlarda inson organizmida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklardan ham o‘zingizni himoya qilishingizni so‘raymiz. Bunda, doimiy ravishda haddan ortiq sovuq bo‘lmagan suyuqliklarni ichib turish kerak, to‘g‘ri ovqatlanish, yaʼni ovqat ratsionida meva va sabzavotlarni ko‘paytirish, yengil hazm bo‘luvchi ovqatlarni isteʼmol qilish, kunning quyosh tik turgan vaqtlarida tashqarida yurishdan saqlanish, spirtli ichimliklar ichishni cheklash hamda konditsionerlardan to‘g‘ri foydalanish zarur.

O‘zbekistonda koronavirus bilan birga pnevmoniyaga chalinish holatlari ham ko‘paymoqda | Zamon.uz