Davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom o‘z kuchida — XTV
Joriy yilning 5 iyul kuni “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida" qabul qilingan yangi tahrirdagi Qonun OAV vakillari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan umumtaʼlim maktablari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati, xususan o‘quvchi-qizlarni maktabda bosh kiyimda yurishi hamda o‘g‘il bola o‘quvchilarning soqol qo‘ygan holda maktabga kelishlari masalasida turli savollarni keltirib chiqarmoqda.


Shularni inobatga olgan Xalq taʼlimi vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Maʼlumki, o‘quvchilarni umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida kiyinish madaniyati bilan bog‘liq normalar amaldagi taʼlim to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilab berilgan.
Shuningdek, joriy yilning 5 iyul kuni qabul qilingan yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi Qonunning sharhida ham amaldagi boshqa qonunchilik hujjatlariga asosan, davlat tashkilotlari va muassasalarida xodimlarning kiyinishiga oid talablar ularning ichki hujjatlari bilan tartibga solinishi maʼlum qilingan.
Xususan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunning 8-moddasida O‘zbekiston Respublikasida taʼlim tizimi dindan ajratilgandir. Taʼlim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy taʼlim muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasining “Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonuni 49-moddasida taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan.
Mazkur vakolatdan kelib chiqib, davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilarining kiyinish madaniyati va tartib-intizomga amal qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash, salomatliklarini muhofaza qilish uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, maʼnaviy va jismoniy sog‘lom avlodni kamol toptirish maqsadida Hukumat tomonidan 2018 yil 15 avgustda 666-son “Davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan.
Shu bilan birga mazkur qaror bilan Davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (matnda keyingi o‘rinlarda – Nizom) tasdiqlangan.
Mazkur Nizomga ko‘ra umumtaʼlim maktablarida:
– o‘g‘il bola o‘quvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga;
– qiz bola o‘quvchilarning taʼlim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bugungi kunda davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari o‘quvchilari taʼlim muassasasiga mazkur Nizom talablarida belgilangan tartib hamda taʼlim muassasasi tomonidan tasdiqlangan maktab formasiga muvofiq kiyinishlari, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 iyundagi 509-son qarori bilan davlat umumiy o‘rta taʼlim muassasalari uchun hukumat tomonidan tasdiqlangan maktab formasi majburiy hisoblanadi.







