Jamiyat

OTMga kirish test sinovlarini qayerda o‘tkaziladi?

Pandemiya ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalariga o‘z taʼsirini o‘tkazdi. Bu jarayondan taʼlim va unga bog‘liq bo‘lgan qabul hamda kirish imtihonlari ham chetda qolmadi.

OTMga kirish test sinovlarini qayerda o‘tkaziladi?

Eng avvalo, o‘tgan o‘quv yili mamlakat tarixida ilk bor ommaviy ravishda masofaviy taʼlimga o‘tildi. Ikkinchidan, OTMga to‘liq onlayn hujjat qabul qilish jarayonlari yo‘lga qo‘yildi. Uchinchidan, epidemiologik vaziyat hisobga olinib, kirish imtihonlari ochiq maydonlarda-xiyobon va sport majmualarida o‘tkazildi.

So‘nggi kunlarda epidemiologik vaziyat yana og‘irlashdi. SSV matbuot xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, respublikada kunlik kasallanish holatlari 400 dan ortiq. Shuningdek, respublika bo‘yicha pnevmoniya bilan kasallanish holatlari ko‘payganligi qayd etilmoqda. Xo‘sh, ushbu holat bu yilgi kirish testlariga qanday taʼsir qiladi? Testlar bu yil qayerda olinadi? Ochiq maydonlarda va yopiq binolarda test olishning qanday afzallik va kamchiliklari bor?

DTM pozitsiyasi

2021 yil 30 iyun kuni AOKAda davlat test markazi ishtirokida qabul jarayonlariga bag‘ishlangan brifingda, DTM boshqarma boshlig‘i B.Toshpulatov bu yil test jarayonlarini o‘tkazishning ikki xil ssenariysi muhokama qilinayotganini bildirgan. Yaʼni yopiq binolarda yoki xuddi o‘tgan yildagidek ochiq stadion va xiyobonlarda o‘tkazish. Buning uchun kerakli bino va stadionlar miqdori ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Qaysi biri afzal?

Test sinovlarini tashkil etish juda katta jarayon hisoblanadi. Unda ko‘plab omillar hisobga olinishi lozim. Quyida yopiq bino va stadionlarda test jarayonlarini o‘tkazishning afzalligi va kamchiliklari muhokama qilinadi.

Stadionlarda test sinovlarini o‘tkazish:

Afzalligi

Kasallik tarqalishi jarayoni oldi olinishi mumkin. AQSHlik olimlar tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlarda koronavirus mavjud bo‘lgan havo tomchilari yopiq inshootlarda bir necha soatgacha saqlanib turishi mumkin. Bu vaqt oralig‘ida undan bir necha o‘nlab odamlar zararlanishi mumkin. Test jarayonlari yopiq inshootlarda bo‘lgan vaqtida inshoot ichida bir vaqtning o‘zida mingtagacha abituriyent joylashadi. Ochiq stadionlarda esa kasallik tarqalish xavfi kamroq.

Kamchiligi

2021 yanvar oyida DTM va u-report 2020-yilgi test sinovlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazadi. So‘rovnomada ishtirok etgan 30  foiz respondentlar testlarni ochiq joylarda o‘tkazilganligini maʼqullashmagan. Respondentlarning aksariyati tabiiy omillar-yorug‘lik, harorat, shuningdek, shovqin abituriyentlarga halal berganligini qayd etishgan.

Haqiqatdan ham noqulay ob-havo sharoitlarida ochiq inshootlarda test sinovlarini o‘tkazish qiyin. Ayniqsa so‘nggi kunlarda respublikada kuzatilayotgan anomal issiq paytida stadionlarda test jarayonlarini o‘tkazish abituriyentlarga noqulaylikni vujudga keltiradi.

Yopiq inshootlarda test sinovlarini o‘tkazish

Afzalligi

Yopiq inshootlarda test sinovlarini o‘tkazishning eng katta afzalliklaridan biri shundaki, unda har qanday ob-havoda test sinovlarini o‘tkazish mumkin. O‘tgan yilgi test sinovlarida baʼzi noqulay ob-havoli kunlar kuzatilgani, baʼzi abituriyentlarga bu noqulaylik tug‘dirgani  DTM va u-report 2020-yilgi test sinovlari bo‘yicha so‘rovnomasida abituriyentlar tomonidan qayd etildi. Jumladan, respondentlarning 19 foizi  ob-havo noqulayliklarini belgilashgan. Yopiq inshootlarda ob-havo bilan bog‘liq muammolar mavjud emas.

Yopiq inshootlarda fikr jamlanishi yaxshiroq, sababi shovqin kamroq. Yuqoridagi so‘rovnomada 7 foiz respondentlar “ochiq maydonda fikrimni jamlay olmadim” degan variantni belgilashgan.  Bu yil 5 ta fandan test sinovlari o‘tkazilishi hisobga olinsa, bu faktor yana-da katta ahamiyat kasb etadi.

Kamchiligi

Hozirgi pandemiya sharoitida yopiq inshootlarda test o‘tkazish kasallik tarqalishi xavfini kuchaytiradi. Yuqorida qayd etilganidek virus yopiq inshootlarda bir necha soatgacha saqlanib turadi.  Yopiq inshootlarda ijtimoiy masofa saqlash biroz qiyinroq.

Xulosa o‘rnida

Test sinovlari o‘tkazilishi o‘ta muhim jarayon. Amalda bu jarayon oliy taʼlimning kelgusi 4 yilini belgilab beradi. Shu sababli  bu jarayonni to‘g‘ri tashkil etish katta ahamiyatga ega. Test sinovlarini tashkil etishda eng avvalo imtihon jarayonlarini shaffof va adolatli o‘tishini taʼminlash, qolaversa test payti abituriyentlar uchun maksimal darajada maqbul sharoitlar yaratishga eʼtibor qaratish lozim. Test sinovlarini qanday sharoitda olinishidan qatʼiy nazar o‘tgan yillar davomida kuzatilgan baʼzi kamchiliklarni tuzatilishi jarayonning yana-da yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

 

Jaxongir Kuziyev

OTMga kirish test sinovlarini qayerda o‘tkaziladi? | Zamon.uz