Samarqandda 11-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida 11-sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qilib, vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov voqea salkam ikki oy ilgari sodir bo‘lganini, voqea haqida prokuraturaga xabar bermagan mansabdorlarga xizmat tekshiruvi tayinlanganini bildirdi.

Hayot Shamsutdinovga ko‘ra, Pastdarg‘om tumanining “Yangiobod” mahallasi Ohunboboyev ko‘chasida yashagan, tumandagi 23-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabining 11-sinf o‘quvchisi X.J. 2021 yil 15 may kuni soat taxminan 03:00 da xonadonidagi molxona boloriga arqon bilan bo‘yin sohasidan o‘zini osib, joniga qasd qilgan.
«Hodisa sodir etilganidan so‘ng marhumning murdasi qarindoshlari tomonidan ipdan yechib olinib, uning vafot etganiga ishonch hosil qilingan va hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qilinmasdan shu kuni taxminan soat 14:00 da mahalliy urf-odatlar o‘tkazilib, tumandagi ‘Sharof Rashidov‘ mahallasida joylashgan ‘Qurilish‘ nomli qabristonga dafn etilgan», — deyiladi Bosh prokuratura axborot xizmati taqdim etgan maʼlumotda.
Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha tuman prokuraturasi masʼullari 2021 yilning 7 iyul kuni voqea joyini ko‘zdan kechirgan. Hamda hodisa haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida murojaat etmagani yuzasidan tuman Xalq taʼlimi bo‘limi, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, tuman Oila va mahallani qo‘llab quvvatlash bo‘limi va tuman IIBga xizmat tekshiruvlari tayinlangan.







