Saylov yaqinlashmoqda. Muhim sanalar bilan tanishing
Xabaringiz bor, joriy yilning 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun saylovlar bo‘lib o‘tadi. Shunga ko‘ra, saylov qonunchiligiga oid ayrim sanalar haqida maʼlumot berib o‘tmoqchiman.


5 avgustga qadar (saylovga kamida sakson kun qolganida) viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tegishli mahalliy Kengashlar tomonidan o‘n bir — yigirma bir nafar komissiya aʼzosidan iborat tarkibda tuziladi;
10 avgustga qadar (saylovdan kamida yetmish besh kun oldin) saylov okruglarining ro‘yxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri eʼlon qilinadi;
15 avgustgacha (saylovga kamida 70 kun qolganida) – siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi maʼlumotlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi kerak;
20 avgustda (saylovga 65 kun qolganida) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish boshlanadi;
9 sentyabrda (saylovga 45 kun qolganida) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish tugaydi;
14 sentyabrgacha (saylovga kamida qirq kun qolganida) okrug saylov komissiyasi besh — o‘n to‘qqiz nafar aʼzodan iborat tarkibda uchastka saylov komissiyasi tuzadi;
19 sentyabrda (saylovga o‘ttiz besh kun qolganida) nomzodlarni ro‘yxatga olish tugallanadi;
20 sentyabrdan (nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasi) saylovoldi tashviqoti boshlanadi;
9 oktyabrgacha (saylovga o‘n besh kun qolganida) saylovchilarning ro‘yxatlari hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.
22 oktyabr saylovoldi tashviqotining oxirgi kuni.







