Jamiyat

Bolalar o‘limiga ham taʼsiri katta illat

Sudya ushbu porani XXR tashkil etilgan 1949-yildan beri berilgan eng katta pora ekanligini qayd etdi.

Bolalar o‘limiga ham taʼsiri katta illat

Intixo

2021-yil yanvar. Xitoyning eng yirik davlat korporatsiyalaridan biri China Huarong Asset Management Co. Sobiq direktori Lay Syaomin 22 holatda pora olganlikdv ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilindi. Syaomin bo‘yniga qo‘yilgan summa miqdori 277 mln aqsh dollaridan ortiq edi. Sudya ushbu porani XXR tashkil etilgan 1949-yildan beri berilgan eng katta pora ekanligini qayd etdi.

Taraqqiyot kushandasi

Jahon banki va BMT qo‘shma tadqiqotlari natijalariga ko‘ra har yili dunyo bo‘ylab 1 trilion dollardan ortiq mablag‘ talon-taroj qilinadi. Bu esa o‘z navbatida davlatlar taraqqiyotini sekinlashtiradi va aholi turmush tarzini yomonlashtiradi. Yana shu tadqiqotlarda maʼlum qilinishicha korrupsiyaga qarshi kurashayotgan davlatlar daromadlari uzoq istiqbolda 4 baravar oshadi. Korrupsiya darajasi past bo‘lsa, biznes 3% tezroq o‘sadi, bolalar o‘limi esa 75 % ga kamayadi. Xo‘sh hattoki bolalar o‘limiga ham taʼsiri katta bo‘lgan ushbu illat-korrupsiyaga qarshi qanday kurashgan samarali? Quyida baʼzi davlatlar tajribasi va muammo yechimlari muhokama qilinadi

Xitoy tajribasi-“ Yo‘lbars va pashshalarga qarshi kurash”

Xitoy hattoki korrupsiyaga qarshi kurashda xam kreativlik ko‘rsatdi-2012-yilda korrupsiyaga qarshi boshlangan umummilliy harakat “Yolbars va pashshalarga qarshi kurash” deb nomlanadi. Xitoyda korrupsiya va u bilan bog‘liq jinoyatlar-poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish kabilar ayovsiz jazolanadi. 2016-yilda maxsus qonun qabul qilinib,  unga ko‘ra 463 ming dollardan ortiq mablag‘ni talon taroj qilganlar o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Xitoyliklar korrupsionerlarni maxsus turlarga ajratib olishgan. Masalan, Yo‘lbarslar deganda korrupsiyaga aralashgan yuqori partiya rahbarlarini, Pashshalar deganda korrupsiyaga aralashgan quyi tizim rahbarlari tushuniladi. Korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi ham aynan shunday nomlanadi. Shuningdek, maxsus Tulkilar kategoriyasi ham bo‘lib, ular talon-taroj qilingan pullar bilan chet elga chiqib ketgan mansabdorlarga nisbatan qo‘llaniladi. Xitoy “tulkilar”ga qarshi samarali kurash olib borishga harakat qiladi. Masalan, 2015-yilda hukumat Interpolga 100 nafar korrupsiyada ayblanayotgan  mansabdor ro‘yxatini taqdim etadi. Maʼlum darajada bu o‘z natijasini berdi. Jumladan, ushbu ro‘yxatdagi 54 nafar shaxs Xitoyga ekstraditsiya qilindi, shuningdek, mamlakatdan noqonuniy olib chiqib ketilgan 1.5 mlrd dollar qaytarildi. Xitoy nafaqat mamlakat  ichkarisida, balki xalqaro maydonda ham korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib bora oldi.

Singapur-korrupsiyasiz davlat

“Maoshlariga munosib kun kechira olmaydigan insonlarga berilgan kichik hokimiyat, undan noto‘g‘ri foydalanishlariga sabab bo‘ladi” degan edi Singapur birinchi bosh vaziri Li Kuan yu. Singapur mustaqillikka erishgan 1965-yildan boshlab korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash olib bordi. Li Kuan yu bu borada hatto o‘z yaqinlariga ham shafqat qilmadi. Singapurda korrupsiyaga oid jinoyatlar bilan shug‘ullanuvchi oliy organ Korrupsiyaga qarshi kurash byurosi hisoblanadi. Singapur rahbariyati o‘ziga xos yo‘l tutdi: byuro yuqori rahbarlar va markaziy davlat tashkilotlari orasidagi korrupsion holatlarga qarshi kurashadigan bo‘ldi. Quyi darajadagi korrupsiyani esa Singapur qarorlar qabul qilish jarayonini soddalashtirish, qonunlarni aniq va sodda tuzish hamda ko‘plab sohalarga litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilish bilan yoqotishga qaror qildi. Bu bilan korrupsiyaga qarshi kurash olib boruvchi asosiy organ resurslari maʼlum darajada tejaldi, uning bo‘linib ketishi oldi olindi. Singapurda korrupsion jinoyatlarni tekshirayotgan tergovchilarga katta huquqlar berilgan, ular gumonlanuvchining nafaqat shaxsiy hisob raqamlari, balki uning oilasi, farzandlari va qarindoshlari hisob raqamlari, daromadlari manbalarini tekshirish huquqiga ega.

Singapurda jiddiy korrupsion holatlar doimiy ravishda matbuotda eʼlon qilib boriladi, bu hukumatning korrupsiyaga qarshi kurashdagi pozitsiyasini yana-da qatʼiylashtiradi, xalqning unga bo‘lgan ishonchini orttiradi. Singapurning korrupsiyaga qarshi kurashi o‘z samarasini bermay qolmadi, mamlakat Transparency International tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish reytingida 85 ball bilan eng kam korrupsiyalashgan davlatlar o‘ntaligiga kiritilgan (O‘zbekiston mazkur reytingda 26 ball bilan 146  o‘rinda turibdi)

O‘zimizda

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash kuchaydi, mamlakatning xalqaro miqyosida reytingi biroz yaxshilandi. Masalan, 2012-yilda O‘zbekiston korrupsiyani qabul  qilish reytingida 170-o‘rinda turgan bo‘lsa, 2020-yilda 146-o‘ringa ko‘tarildi. 2020-yilda mamlakat tarixida ilk bor Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tuzildi, agentlik saʼy harakatlari bilan 2022-yil 1-yanvaridan boshlab amaldorlar va ularning yaqin qarindoshlari mol-mulklari deklaratsiyalanadi. Bular albatta katta qadamlar. Lekin hali hanuz O‘zbekistonda korrupsiya yuqoriligicha qolmoqda. Masalan, so‘nggi 2 yilda byudjetdan 371 milliard so‘m talon-taroj qilingan, buning ortidan 2477 shaxs jinoiy javobgarligiga tortilgan. Bunga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Past oylik maosh. Oyiga 200-300 AQSH dollari miqdorida maosh bilan hayot kechirish qiyin, ayniqsa poytaxt sharoitida. Maoshlarning oshirilishi albatta korrupsiyani tag-tomiri bilan yoqotmaydi, lekin uning maʼlum darajada kamayishiga olib keladi. Masalan, Singapurda davlat amaldorlariga dunyodagi eng katta maosh to‘lanadi. Bu ham  maʼlum darajada korrupsiyani cheklaydi.

Mentalitet. 2020-yil dekabrida U-Reporto‘tkazgan so‘rovnomada qiziq holat vujudga keldi: 15 mingdan ortiq respondentlarning 34 foizi pora berishni korrupsiya deb hisoblamasligini bildirishgan. Bu qo‘rqinchli holat. Yillar davomida ko‘plab maishiy muammolar pora evaziga bitganligi sababli poraxo‘rlik odatiy holdek qabul qilinmoqda

Huquqiy savodxonlikning pastligi. Bu yuqoridagi omil bilan o‘zaro bog‘liq. Mamlakat qonunlarini va qaysi holatlar korrupsiya deb baholanishini bilmaslik ortidan korrupsiya chuqur ildiz otaveradi.

Xulosa o‘rnida

Li Kuan yu “Nafs vasvasasi hamma yerda bo‘ladi” deb to‘g‘ri taʼkidlagan edi. Haqiqatdan ham inson omili mavjud ekan, nafs vasvasasi va uning ortidan kelib chiqadigan jinoyatlar bo‘laveradi. Korrupsiyani tamomila yo‘q qilish mumkin emas, lekin unga qarshi samarali kurashsa bo‘ladi. Rivojlangan davlatlar taraqqiyot yo‘liga eʼtibor berilsa, unda samarali iqtisodiy siyosat bilan birga qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashning o‘rni  katta bo‘lganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi rivojlangan demokratik mamlakatlar qatoriga o‘tishga intilar ekan bunda korrupsiyaga qarshi kurash ustuvor ahamiyatga ega. Bu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga, yana-da demokratlashishiga va xalqaro maydonda imiji yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

 Jamshid Kuziyev

 

Bolalar o‘limiga ham taʼsiri katta illat | Zamon.uz