Oyoqda ''kishan'' bilan 11 yildan buyon yashayotgan qiz
Toshkentda har kuni ertalab ijara uyda yashaydigan er-xotin oyog‘iga kishan urilgan 11 yoshli qizining ustidan qulflab ishga otlanadi. Erkak qurilishda, ayol esa kuniga 50 000 so‘m to‘lov evaziga somsaxonada ishlaydi. Qizaloq uzzukun ota-onasining kelishini kutib, eshik poylaydi. Qashqadaryoning Chiroqchisida uy-joyi bo‘lsa-da, ular oyiga 200 dollar to‘lab, Toshkentda ijarada yashaydi. Hayot shunga majbur qilgan. Ularning o‘z hikoyasi bor...


Umidning nihoyasi bormi?
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi chekka bir qishloq. Tun yarimdan oqqan mahal. Bahoraning g‘ingshib yig‘lashi endigini uyquga ketgan Sojida opani uyg‘otib yubordi. Sho‘rlik onaizor sapchib turib, o‘rinda yotgan qizchasiga asta yaqinlashib, behalovat boqdi. Jajji bolakayning peshonasida marjon kabi tizilgan ter chakkasiga tushib, yostiqni jiqqa ho‘l qilgan edi. Bola bezovtalangancha oyoqlarini o‘ringa ishqalab, goh o‘ngga, goh so‘lga ag‘darilardi. “Qizim tug‘ilgandan beri tiniqib uxlamaydi. Biror joyi qattiq og‘riyaptimikan-a”, deya xayolidan o‘tkazdi u. Qizining kiyimlarini almashtirdi-da, qulog‘iga shivirlab alla ayta boshladi. Bola og‘riqni biroz unutib, tinchlangandek bo‘ldi. Tong otishi bilan Bahorani shifokor ko‘rigiga olib borishdi. O‘sha kunning o‘zidayoq shifokorlar uning mitti oyoqchalariga “kishan” soldi. Uning chap oyog‘i qiyshiq va rivojlanishi susayayotganini ota-onasi kech bildi. Sojida opa va turmush o‘rtog‘ining halovati mana shu kundan yo‘qolgan. Mana, 11 yildirki, ular alamli ko‘z yoshlar va iztirob ila kunni tunga, tunni tongga ulaydi. Baxtning qo‘sha kelishi insonning orzulariga qanot, yaxshi kunlar tantanisiga mayoq bo‘ladi. Biroq dard qo‘sha kelsachi?
— O‘sha paytlari sodda bo‘lganmizmi, qizimni birinchi marta shifokorga olib borganimizda bizga uning kasalligini tushuntirmay oyog‘ini gipslab qo‘ygan, — deydi Bahoraning oyisi Sojida Xolmahmatova. — Dadasi ikkalamiz ham nimaga gips qilganiga tushunib-tushunmay, mayli, bolamiz sog‘ayib ketsa bo‘ldi-da, degan o‘y bilan kelaverganmiz. Ikki yoshga to‘lar to‘lmas o‘g‘lim dunyoga keldi. O‘zim “sariq” kasali bo‘lib ota uyimda davolanayotgan kezlarim edi. Turmush o‘rtog‘im va buvisi uni Samarqandga lazer operatsiya qildirish uchun olib borishadi. Oyog‘ini o‘stirish maqsadi-da “cho‘zdir”ishadi. U yerda 20 kun davolangan. Bir-ikki oy oyog‘i gipsda turdi... Oxiri 3 yoshga to‘lganda Toshkentga olib keldik. Bu yerdagi shifokorlar: bola tug‘ma nuqson bilan dunyoga kegan, chap oyog‘i juda kichkina, hozir gips qilolmaymiz, chunki oyoq kuchsizlnib qolgan, dedi. 5 yoshigacha kuchga to‘lishini kutdik. Shundan so‘ng shifokorlar oyog‘ini operatsiya qilib, sim qo‘yishdi. Uch oy yana oyog‘i gipsda turdi. Shu orada oyog‘ining ichiga qo‘yilgan sim sinib ketdi. Shu-shu, 5 yoshidan beri oyog‘ining ichida singan sim turibdi. Shifokorlar sim noto‘g‘ri joydan singani va uni olish tashlash kerakligini bizga juda ko‘p aytishdi. Ammo hamma narsa iqtisodga taqalgani uchun operatsiya qildirolganimiz yo‘q. Oyoqdagi muammo hisobiga umurtqa pog‘onasi ham noto‘g‘ri o‘sish hisobiga qiyshaygan. Shu yil yanvarda uyga kirayotib, qo‘ltiqtayoqda yiqilib tushib, o‘ng oyog‘i ham sinib qoldi. Ikkinchi oyog‘i ham besh oy gipsda turdi. Gipsini oldirib, qizimni qishloqqa qo‘yib keldik. U yoqda bir kun turar-turmas oyog‘i qayta sinib qolgani haqida xabar eshitdik. Mana, o‘shandan beri mana shu ahvolda (qiziga ishora qilib) o‘tiribmiz.
Maqolamiz qahramonlari poytaxtda ijarada o‘z huzur-halovatlarini o‘ylab emas, balki Bahoraga qulay sharoitlar borligi uchun yashashmoqda. Avval o‘ng oyog‘i sog‘lom bo‘lgan paytda qizaloq qo‘ltiqtayoqda bo‘lsa ham yura olardi. Endi esa...
— Davolanish uchun har gal Toshkentga kelganimizda bizni ijara muammosi ham o‘ylantirardi, — deydi Sojida opa. — Yashashga joy topolmay, qishning qahratonida kunimizni shifoxonada, tunimizni qorovulxonada o‘tkazgan paytlarimiz juda ko‘p bo‘ldi. Oxiri qimmatroq bo‘lsa ham ijaraga uy topishga qaror qildik. Ijaraga 200 dollar to‘laymiz. Xo‘jayinim qurilish sohasida ishlayapti, o‘zim ikki bolamni uyga tashlab, kunlik ishga chiqyapman. Bahoraga har oy nafaqa puli olamiz. Ammo berilgan nafaqa o‘zining dori-ukollaridan ortmaydi. Hozir ham pulimiz yo‘qligi uchun shifokor yozib bergan oxirgi dorilarini oberolmadik. Qarindosh-urug‘lardan yordam so‘rolmaymiz. Chunki ular ham o‘zidan orttirolmaydi. O‘tgan yili karantin bo‘lgani sabab juda qiynalib qoldik. Tegishli tashkilotlar orqali Chiroqchidagi mahallamizga murojaat qildim. Shundan so‘ng yordam tariqasida 5 million so‘m pul berishdi. Bunga qo‘shimcha bo‘lsin deya o‘tgan oyda taniqli xonandaning telegramdagi saxovat guruhini topdim deya quvonib, adminiga murojaat qildim. U plastik kartamda 300 ming so‘m pul bo‘lish kerakligi va u bizga yordam tariqasida 5 million miqdorida pul o‘tkazib berishini aytdi. Ishonishim uchun hatto pasportining rasmini ham tashladi. O‘sha kunlari plastigimda pul yo‘qligi uchun hozirgi ijarada turgan uy egasidan 300 ming so‘m qarz oldik. Karta raqamimni adminga tashladim. Menga sms xabar kelishini, kodni unga aytsam, kartamga pul tushishini aytdi. U aytgandek kod kelishi bilan aytdim. Ammo... Ammo bizga pul tushmadi. 13-iyun kuni kartamizdagi 303 ming so‘m pulni yechib oldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmoqchi bo‘ldim. Lekin xo‘jayinim, qo‘yaver, Alloh barchasini ko‘rib turibdi-ku, deya meni qaytardi. O‘zimiz ishlab, qarzga olgan pulni egasiga qaytardik.
Bahoraning kalta bo‘lib qolgan oyog‘ini va qiyshaygan umurtqa pog‘onasini operatsiya qildirish uchun chet eldan shifokor chaqirish yoki uni chet elga olib borish kerak ekan. Ammo bunga bizning imkonimiz yo‘q.
Umid... Birgina mana shuning amalga oshishi qanchadan-qancha taqdirlarga quvonch ulashadi. Dardlardan forig‘ bo‘lishi, armonlarining arishiga sabab bo‘ladi. Ammo uning nihoyasi bormi?
Bahora har kuni tushida yurib ketadi

Hatto qizaloqning tushlari ham orzu-istaklaridek pokiza, sof. Ko‘zlaridagi mungli va alamli yoshlar kun kelib sevinch yoshlariga aylanishiga ishonamiz.
— Mening eng katta orzuyim pianino chalish, — deydi 12 yoshli Bahora Qulmahmatova. — Tuzalib, katta bo‘lsam ota-onamga pianino chalib beraman. Mashina olib beraman. Har kuni tushimda oyog‘im tuzalganini ko‘raman. Uyqudan uyg‘ongach oyimga tushimda yurib ketganimni aytib beraman. Oyog‘im yaxshi bo‘lib ketsa hammamiz birga yashaymiz, deyman. (Bahoraning 9 yoshli ukasi qishloqda qolgan, u ukasini juda sog‘inadi.) Tikuvchi bo‘lishni orzu qilaman. Oyimga juda ko‘p aytaman menga tikuvchilikni o‘rgating, deb. Ammo oyimning vaqti bo‘lmaydi.
Bahora yura olmagani uchun 1-2-sinflarni maxsus biriktirilgan ustozlari orqali uyda o‘qigan. Poytaxtga kelganidan beri ota-onasi pul topish ilinji va uning tezroq oyoqqa turishi uchun harakat qilib, qizaloqning o‘qishi haqida surishtirishmagan. Onasining so‘zlariga ko‘ra, bu yil yangi o‘quv yilidan uning taʼlim olishiga alohida eʼtibor qaratmoqchi.
Orzulari osmon Bahora ham yurish, tengqurlari bilan birga maktabga, o‘zi qiziqqan to‘raraklarga borishni istaydi. Ko‘cha changitib o‘ynagisi keladi. Ammo yetishmovchilik uning orzulari ushalishiga kishan bo‘lmoqda. Ko‘pning oz-ozdan bergani esa uni bu darddan qutqaradi, degan umidimiz bor. Zero, “Ehsonning mukofoti faqat ehsondir.”
Mavzuga mutasaddi tashkilot vakillari eʼtibor qilishlarini so‘raymiz.
Bahora Qulmahmatovaga oid maʼlumotlar:
Uzcard: 8600060926401184 (Xalq banki, Xolmahmatova Sojida (onasi) nomida)
Uzcard: 8600061091725423 (Xalq banki, Xolmaxmatova Sojida (onasi) nomida)
Telefon: +99893 517 43 37
Bahriniso MADUMAROVA tayyorladi.
Tasvirchi: Yulduz RUSTAMOVA.







