Qo‘yliq bozorida sanitariya talablariga rioya etmaganlar aniqlandi
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiing maʼlum qilishicha, 2021 yil 7 iyul kuni taxminan soat 22.00 larda Bektemir tumani Qo‘yliq bozori hududida Toshkent shahar IIBB va boshqa mutasaddi tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan, sanitariya talablariga rioya etmagan va o‘rnatilgan tartib-qoidalarni buzayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchilari aniqlangan.


Ularning orasida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganligini bila turib, jamoat joyida tibbiy niqobsiz yurgan 43 yoshli Asilbek X. ham bor bo‘lgan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ushbu fuqaroning yonida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i – 39 yoshli B X. ham karantin talablarini buzgan. IIB xodimlarining ogohlantirishlariga qaramay ayol turmush o‘rtog‘iga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida bayonnoma rasmiylashtirish jarayoniga aralashib, baqirib, shovqin ko‘tarishni boshlagan.
Ushbu shovqin-suronni to‘xtatish va B. X ni tinchlantirish hamda profilaktik suhbat o‘tkazish maqsadida u xizmat avtobusiga taklif etilgan biroq ayol yana-da ko‘proq shovqin ko‘targan va noo‘rin harakatlar qilgan.
Toshkent shahar IIBB xodimlari vaziyatni yana-da murakkablashtirmaslik hamda sotuvchi ayol tomonidan jahl ustida moddiy yoki boshqa zarar yetkazilishini oldini olish maqsadida uni avtobusga majburiy tarzda kuzatib qo‘yishgan.







