So‘nggi 20 yil ichida O‘zbekiston barqaror o‘sish surʼatiga erisha olgan sanoqli mamlakatlardan biriga aylandi
“J.P. Morgan” investitsiya banki 2021 yilning 21 iyunida O‘zbekiston Respublikasiga bag‘ishlangan “Uzbekistan: Soum‘er Solstice” (“O‘zbekistonning quyosh kabi ko‘tarilishi”) nomli tahliliy hisobotini eʼlon qildi.


Unga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi 20 yil ichida O‘rta Osiyo, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika (CEEMEA) mamlakatlari orasida yuqori va barqaror o‘sish surʼatiga erisha olgan sanoqli mamlakatlardan biri bo‘lgan.
Xususan, respublika iqtisodiyoti so‘nggi o‘n yil mobaynida yiliga o‘rtacha 6 foizga o‘sib borgan va bu bilan ko‘pgina mamlakatlarning “havasi”ga sazovor bo‘lgan. Ulkan islohotlar rejasi kelgusida so‘nggi yillardagidek yoki undan ham yuqori iqtisodiy o‘sishni taʼminlaydi. “J.P. Morgan”ga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda islohotlar jadallashuviga erishilgan, ushbu islohotlar mamlakatning iqtisodiy o‘sish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston bozorlarni erkinlashtirish, keng ko‘lamli xususiylashtirish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish kabi islohotlar ostonasida turibdi. Bunda xalqaro moliya institutlari ko‘magidan keng foydalanilmoqda. Davlat korxonalari islohotiga to‘xtalar ekan, “J.P. Morgan” xususiylashtirish iqtisodiy naf olib kelishini, biroq, u xatarlardan xoli emasligini taʼkidlamoqda. Bunga Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining 1990 yillardagi tajribasi misol qilib keltirilgan.
Shu sababdan, O‘zbekiston Hukumati davlat korxonalarini qay tarzda xususiylashtirishi muhimligi aytilmoqda. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilda iqtisodiy inqirozga qaramay 1,6 foiz o‘sishni taʼminlay olgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 8,1 foiz, 2022 yilda 6,3 foiz o‘sishga erishadi (“J.P. Morgan” prognozi Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya tashkilotlar prognozlaridan yuqori). Hisobotda aytilishicha, 2021 yilgi iqtisodiy o‘sishga asosan qurilish va sanoat tarmoqlari hissa qo‘shadi.
“J.P. Morgan”ning taʼkidlashicha, O‘zbekiston fiskal siyosatdan iqtisodiyotni boshqarishning asosiy vositasi o‘laroq foydalanadi. Hukumat 2020 yilda konservativ fiskal siyosatni amalga oshirdi (umumiy fiskal taqchillik avval prognoz qilingan YAIMning 7 foizi o‘rniga YAIMning 4,4 foiziga teng bo‘ldi).
Hisobotga ko‘ra, 2016 yildan keyin davlat qarzi tez surʼatlar bilan o‘sishi kuzatilsada, Byudjet qonuni bilan davlat qarzining eng yuqori miqdori (YAIMga nisbatan 60 foiz) belgilanligi va davlat qarzining 60 foizga yetishi ehtimoli pastligi qayd etilgan. Kengayib borayotgan joriy operatsiyalar hisobi taqchilligining asosiy sababi o‘laroq iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan choralar hamda O‘zbekistonning “dunyoga ochilayotganligi” ko‘rsatilmoqda.
“J.P. Morgan” prognozlariga ko‘ra, oltin narxi 2022 yilga borib 1 350 dollargacha tushishi mumkin. Shu sababdan, O‘zbekiston joriy operatsiyalari hisobi taqchilligi 2021 yilda YAIMga nisbatan 4,5 foizni, 2022 yilda YAIMga nisbatan 8,5 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. “J.P. Morgan”ning taʼkidlashicha, O‘zbekiston suveren xalqaro obligatsiyalari narxlari makroiqtisodiy holatning yaxshilanayotganini aks ettiradi. Xususan, amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar investorlar “ishtahasi”ga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.







