«Rossiya temir yo‘llari» kompaniyasiga O‘zbekistondan ishchilar jalb etiladi
Buxoro arxitektura va qurilish kollejida «Rossiya temir yo‘llari» kompaniyasining “RJDstroy” shoʻba korxonasi talabiga asosan, oshpazlik, haydovchilik va qurilishning qator yo‘nalishlari bo‘yicha ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tanlov o‘tkazilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.

Tanlovda ishtirok etgan talabgorlar, kasb-hunar o‘rganayotganlardan tashqari, yana 200 dan ortiq havaskor yoshlarga yaxshigina oylik maosh taklif etayotgan buyurtmachi korxona vakili tomonidan ish va mehnatga haq to‘lash tartibi, yashash hamda ish sharoitlari, hujjatlarni rasmiylashtirish haqida batafsil maʼlumot beriladi.
Tanlovdan oldin Rossiyaning “RJDstroy” kompaniyasi departamenti boshlig‘i Svetlana Muravyova Buxoro viloyati hokimligida bo‘lib, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov bilan uchrashgan.
Uchrashuvda viloyatda o‘tkazilayotgan tanlovda ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan fuqarolarni xorijga jo‘natishdan oldin kompleks tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, yangicha muhitga ko‘niktirish – adaptatsiya jarayonidan o‘tkazish, xavfsiz va kafolatlangan ish bilan taʼminlash masalasi muhokama qilingan.
Svetlana Muravyova “RJDstroy” kompaniyasining 14 va 15-qurilish-montaj trestlari, “Monolit”, “Nekst”, «Vostochniy portal», “R-Vostok” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarida ish kuchi har qachongidan ham muhim ekanini alohida taʼkidlab o‘tgan.
“RJDstroy” OAJ — bu Kaliningraddan Janubiy Saxalingacha butun Rossiya bo‘ylab pudrat ishlarini olib boradigan federal qurilish va sanoat korxonasi hisoblanadi. Kompaniya tarkibiga 16 ta qurilish-montaj tresti, liniyali korxonalarni boshqaruvchi — qurilish-montaj poyezdlari va qurilish maydonchalari hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan filial kiradi.







