Jamiyat

Niqoblar sog‘ligimizga zarurmi yo zararmi?

Коронавирус инсониятга хавф туғдирган энг катта офатлардан бири бўлди.

Niqoblar sog‘ligimizga zarurmi yo zararmi?

 

 

U nafaqat odamlar salomatligiga, balki jahon iqtisodiyotiga ham katta zarar yetkazdi. Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari ham jiddiy zarar ko‘rdi.

 

Bugunga kelib koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarildi. Ammo bu undan birato‘la xalos bo‘ldik, degani emas. Hozircha kasallikdan himoyalanishning eng oddiy yo‘li – tibbiy niqob taqish va antiseptik vositalardan foydalanish.

 

COVID 19 yurtimizda birinchi marta aniqlangan vaqtda dorixonalardan tibbiy niqoblar topish amrimahol bo‘lib qolgan edi. Bir dona niqob narxi 3 ming so‘mdan 5 ming so‘mga chiqqan edi. Ammo bugunga kelib tibbiy niqoblarni nafaqat dorixonalardan, balki istalgan joydan – metro bekatlari, bozorlar, savdo rastalarida xarid qilish mumkin.

 

Xo‘sh, biz har kuni foydalanadigan tibbiy niqoblar nimadan tayyorlanadi? Niqoblarning eng ko‘p foydalaniladigan turi noto‘qima polotnodan tayyorlanadigan bir martalik niqoblardir. Ular turli shakl va rangda ishlab chiqarilmoqda. Turli ko‘rinish va matodan tayyorlangan niqoblarning qay biri bizni virusdan yaxshi himoya qiladi? Umuman olganda, ko‘chalarda sotiladigan niqoblarga ishonch bormi?

 

Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining maʼlumotiga ko‘ra, 2020 yilda niqoblar tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilgan. Shunga qaramasdan bir martalik tibbiy niqoblarga qo‘yilgan talablar mavjud. Jahon standartlariga ko‘ra niqoblar 3 qismdan; ikki tashqi qavati spanbond –deyarli allergiya qo‘zg‘atmaydigan polikarbonat, polietilen yoki politeistdan tayyorlanadigan matodan, uchinchi filtr qismi melblaun- virus ushlab qolish xususiyatiga ega noto‘qima matodan tashkil topgan bo‘lishi shart.

 

Ko‘chalarda va dorixonalarda sotiladigan barcha bir martalik niqoblar ushbu qo‘yilgan talablarga mos ravishda tayyorlanadi. Bunday niqoblar ishlab chiqarishda foydalaniladigan mato oddiy matoga qaraganda bakteriyalarni samaraliroq tutib qoladi. Bu turdagi matolar yurtimizga asosan Xitoydan olib kelinadi. Ular nafas olishga xalal bermaydi va ishlab chiqarishda kamxarj hisoblanadi. Yana bir jihati shundaki, bunday niqoblarni ishlab chiqarishda inson mehnatida foydalanilmaydi.

 

Ammo turli ko‘rinishdagi bir qavat matodan tikilgan niqoblar bunday talablarga javob bermaydi. Ularni tayyorlash jarayonida qo‘l mehnatidan foydalaniladi va dezinfeksiya qilinmaydi. Bundan tashqari, oddiy matodan tikilgan niqoblarda filtr qismi yo‘qligi va viruslarni o‘zida ushlab qolish xususiyati sababli salomatlikka foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin. Har bir narsaga eʼtiborli bo‘lish nafaqat o‘zimizning balki atrofdagilarning ham salomatligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

 

Shunday ekan, tibbiy niqob xarid qilganda uning matosi, chiroyiga uchib emas, salomatligingizni himoya qilish darajasi qay darajada yuqori ekaniga qarab tanlang. Shundagina o‘zingizni va o‘zgalarni xavfli kasallikdan himoyalagan bo‘lasiz.

Yulduz Rustamova

Niqoblar sog‘ligimizga zarurmi yo zararmi? | Zamon.uz