Jamiyat

O‘zbekistonda Qurbon hayiti 20 iyul kuni nishonlanadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi hujjatga imzo qo‘ydi. Unga muvofiq, O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyul kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarori inobatga olingan.

O‘zbekistonda Qurbon hayiti 20 iyul kuni nishonlanadi

 

 

«Muborak Qurbon hayitining xalqimizga xos bo‘lgan insonparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va o‘zaro hamjihatlik kabi fazilatlarni qaror toptirishdagi muhim ahamiyatini eʼtiborga olib hamda milliy-diniy qadriyatlarimizni ulug‘lash maqsadida:

 O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021 yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 20 iyul – seshanbaga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2021 yil 20 iyul kuni Qurbon hayiti bayrami etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi “2021 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–6122-son Farmoniga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi PF–6222-son Farmoni bilan 2021 yil 21–22 iyul kunlari ham dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin», deyiladi preziden qarorida.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Qurbon hayitini karantin talablariga amal qilgan holda xalqimizning milliy va diniy anʼanalariga mos ravishda oila davrasida o‘tkazish afzalligi haqida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirish ko‘rsatma qilingan.

O‘zbekistonda Qurbon hayiti 20 iyul kuni nishonlanadi | Zamon.uz