Jamiyat

Tuzum boshqa, til o‘sha(MI?)

Hissiyotlar turli xil, hammasining o‘z zavqi, shavqi, hayajoni bor. Shunday zavqli hissiyotlardan biri – o‘z vataningda otang, onang, bobong, buving bir-biriga mehrini izhor qilgan, onang allasi eshitib, katta bo‘lgan tilda so‘zlashmoqdir. Bu katta gap, uni sezish uchun ulug‘vor qalb, keng ko‘ngil kerak.

Tuzum boshqa, til o‘sha(MI?)

 

 

Faoliyatim ko‘plab davlat idoralari bilan ishlashni taqozo qiladi. Shu sababdan vazirlik va qo‘mitalar bilan bog‘langangimda aloqa operatorlari asosan rusiy zabonda irod etishmoqda. Qizig‘i shundaki, unga yondosh tarzida o‘zbek tili yo‘q. 

 

Nega sen o‘zbek bo‘la turib, o‘z yurtingda birgina ishing bitishi uchun o‘z ona tilingni bilishing yetarli emas, to‘g‘rirog‘i kam?! Men zinhor so‘zlarim bilan til bilmaslikni yoqlamayapman, aksincha o‘z ona tilimizni hech bo‘lmasa, rus tili darajasidagi mavqega erishishni xohlayapman, xolos.

 

Davlatimiz rahbari o‘zbek tilining o‘rnini oshiramiz deb, bel bog‘lasalar, BMT kabi katta minbarlarda o‘zbekcha nutq irod etsalar-u, o‘zimimzning “ishonganlarimiz” boshqa tilda ish olib borishsa, Prezident siyosatiga qo‘shilmagan, xunukroq aytsak, qarshi chiqqan bo‘lib qolmaydilarmi?!


Aksariyat vazirlik va idoralarning, hattoki, ichki qaror va nizomlari ham rus tilida chiqadi. Buni davlat tilini rivojlantirish borasidagi amaliy ishlar deb, bo‘lmaydi, nazdimda.


Sobiq Sovet ittifoqi davrida odamlar farzandlarini ko‘proq rus maktablariga berishgan. Chunki rus tilini bilgan, unda so‘zlashgan kishi karyera qila olishi, mansab pillapoyalaridan qoqilmay ko‘tarilishiga ishonch bo‘lgan. Hatto o‘zbek maktablarida ham rus tili darslariga alohida eʼtibor berilgan. Vatanimiz mustaqil bo‘lganiga salkam 30 yil to‘layotgan bo‘lsada, o‘sha eskicha qarashlar, ish yuritishdan hamon qutula olmayapmiz, nazarimizda. Qisqacha yoziqlarimizdan shuni aytishimiz mumkinki, Sobiq Ittifoq tuzumining baʼzi davlat ahamiyatiga molik sohalarga haligacha shamoli tegib turibdi, boshqacha yondoshsak, undan batamom xalos bo‘lmaganmiz.

 

Tilimizning mustaqillikdan ikki yil oldin mamlakat hududida mustahkamlab qo‘yilishi ham, bu mavzuga shunchaki qaramasligimizni anglatadi.


Zayniddin Norquvvatov

Tuzum boshqa, til o‘sha(MI?) | Zamon.uz