Yevropa Ittifoqi Belorussiya fuqarolariga viza berishni to‘xtatmoqchi
Yevropa Ittifoqi Yevropaga noqonuniy immigratsiya darajasi oshayotgani tufayli Belorussiya fuqarolariga viza berishni to‘xtatish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.


Bu haqda ichki ishlar bo‘yicha Yevrokomissar Ilva Yoxanson maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa noqonuniy migratsiya siyosiy maqsadlarni amalga oshirish vositasiga aylanmasligi uchun viza rejimini to‘xtatadi.
O‘z navbatida, Yevropaga Belorussiya orqali o‘tishga urinayotgan muhojirlar oqimidan jabrlanayotgan Litva Minskka qarshi yangi sanksiyalar eʼlon qilishni so‘ramoqda.
Oldingi sanksiyalar paketi 23 may kuni Ryanair samolyotining Minskda majburan qo‘ndirilgani bilan bog‘liq edi.
Bryussel va Minskning aloqalari yomonlashishi fonida Litvaga noqonuniy migrantlar oqimi kuchaydi. Shu yilning boshidan beri Litva hukumati 1600 dan ortiq odamni qo‘lga oldi, bu butun 2020 yildan yigirma martaga ko‘p. Muhojirlarning aksariyati Yaqin Sharq va Afrika davlatlaridan kelgan.
Oldinroq xabar qilganimizdek, Litva Belorussiyani yuzlab migrantlarni mamlakat hududiga yuborishda ayblamoqda.
Belorussiya qo‘shnilari bilan chegarani yopmoqchi emas. Belorussiya prezidenti “Hech kimni hech qachon ushlab qolmaymiz, axir ular bizga kelishmayapti-ku. Ular issiq va qulay Yevropaga talpinayapti”, - degan.







