Mashhur sport jurnalisti va yozuvchi Vladimir Safarov vafot etdi
O‘zbekistonlik mashhur sport jurnalisti, yozuvchi, tarixchi va jaz ijrochisi Vladimir Safarov 14 iyul kuni hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda jurnalist Dmitriy Popov va boshqa bir qator manbalar maʼlum qildi.


O‘zbek sporti jurnalistikasida muhim o‘rin egallagan Vladimir Safarov 1939 yilning 17 yanvarida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Safarov O‘zbekiston futboliga oid ko‘plab ilmiy, statistik va tarixiy kitoblar muallifi hisoblanadi. Shuningdek, u musiqaning jaz yo‘nalishida faoliyat olib borgan.
Uning “Paxtakor” klubi tarixi, 1979 yilgi aviahalokatga doir va o‘zbek futboli afsonalari haqidagi kitoblar o‘quvchilar orasida mashhur. Jurnalist faoliyati davomida 3 mingdan ortiq maqolaga mualliflik qilgan. Vladimir Safarov 1992 yilda O‘zbekiston futbolida Gennadiy Krasniskiy nomidagi to‘purarlar klubini tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatgan. Undan O‘zbekiston futbolida 100 va undan ortiq gol urgan futbolchilar o‘rin oladi.
Safarov 2000 yilda O‘zbekiston futbol federatsiyasi (assotsiatsiya) tomonidan yilning eng yaxshi jurnalisti deb topilgandi.







