Jamiyat

Men ne derman, qo‘bizim ne der... (video)

Haydovchilar bilan suhbatlashish, yangi chiqqan qaror yuzasidan ularning fikrini o‘rganish uchun Olmazor metro bekati tarafga bordik.

Men ne derman, qo‘bizim ne der... (video)

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yana-da soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarordan haydovchilarning xabari bormi? Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida oylik boj to‘lab ishlashga rozimi? Shularni o‘rganishni maqsad qilgandik. Ammo...

 

Haydovchilarning holiga qarab bir yig‘lagim keldi, bir kulgim.

 

Yig‘lagim kelgani: o‘z fikrini aytolmaydigan, o‘z haqqini bilmaydigan odamlarning juda ham ko‘pligi.

 

Kulgim kelgani: “bizni hech kim eshitmaydi”, degan joyi edi. Sizni eshitay, nima qiynayapti, hayotingizdan mamnunmisiz, yangi qaror sizlarga og‘irlik qilmaydimi, deb so‘ragani keldimku...

 

Baʼzilari nima deyayotganini ham o‘zi bilmadi, shekilli, umuman mavzuga taalluqli bo‘lmagan gaplarni gapirib ketdi.

 

O‘zing bir holdayu tag‘in ustimizdan mazax qilib kulganingga kuyaman. Piching gaplarga nima deyish mumkin, hayronman. Nima emish, “bu soliqlar, bojlar kam, yana-da ko‘paytirish kerak. Biz yengillikka chidolmaymiz” emish... Shu paytgacha litsenziya uchun 350 ming so‘mdan to‘lab kelgan bir haydovchining aytishicha, davlat bojini 150 ming emas, 300 ming qilishi kerak emish. “Hazillashmang, jiddiy so‘rayapmiz”, desak, ko‘zini “lo‘qillatib” “hazillashmayapman”, deydi. Gapini to‘g‘ri tushuntirib berolmaydigan odamlarning bu gaplari issiqda qaynay boshlagan miyamizni qiymalaganday boshda og‘riq uyg‘otdi.

 

Ayrim kishilar kamera o‘chirilgan holatda, yaxshi gaplarni gapirdi, Ammo “shu gaplarni kameraga ayting, menga dalil -isbot kerak”, desam, “yo‘q”, deydi.

 

Yana shunday odamlarga duch kelish mumkin ekanki, o‘zining kasbidan, qilayotgan ishidan tonib yuboradi. Borgunimizgacha “Qo‘yliq, Qo‘yliqqa ketuvchilar bormi”, deb turgan haydovchi yoniga borganimizda o‘zidan “yo‘lovchi” “yasab oldi”. Qoyil qolmasdan iloj yo‘q. Kameradan shunchalik qo‘rqishadi-ki, xuddi uni kamera yeb-yutib yuboradiganday.

 

Bunaqa holat faqat haydovchilar bilan bo‘lgani yo‘q. Shu paytgacha qanday masala bo‘lsa ham odamlar orasiga kirib suhbat qilmoqchi bo‘lsam, so‘rovnoma o‘tkazsam, doim bu kabi insonlar menga duch kelmoqda. Baʼzan o‘z zimmamga olgan topshirig‘imni bajarolmay, jamoam oldida “qo‘lidan bir ish kelmaydigan” odam qiyofacini egnimga ilyapman.

 

Kechagina, men duch kelgan odamlar orasida shundaylari ham bo‘ldiki, hatto pul ham so‘radi. Qiziq bo‘ldiku, ham uning gapini eshitaman, ham pul to‘laymanmi?

 

“Meni qamatib yubormaysanmi?”, “Patrulga tutib bergani keldingmi?” deganlariga nima deysiz?

 

O‘zida bir fikr yo‘q, bo‘lsa ham aytolmaydigan odamlar bilan qayergacha borish mumkin? Bilimsizligi bir muammo bo‘lsa, bilimsizligini oshkora yoyishi bir muammo. Qachon odamlarimiz chiqayotgan qarorlarga ko‘r-ko‘rona ergashmay, uni o‘rganib, o‘z fikrini ayta oladi? Siz saylab qo‘ygan deputat bor. Deputat siz uchun nima qilyapti? Nega o‘sha deputatdan qabul qilinayotgan qonunlar yuzasidan hisob so‘ramaysiz?

 

To‘g‘ri, achchiq gapirib nafsoniyatingizga tegyotgandirman. Hamon o‘zingizning kimligingizni anglab, yurt kelajagi uchun qayg‘urmas ekansiz, men gapirishdan to‘xtamayman.

 

Qachon biz oldi-qochdi gaplarni qo‘yib, o‘z fikrimizni to‘g‘ri bayon qilib bera olamiz? Fikrimizni aytolmasligimiz, “bizni kim ham eshitardi” qabilida ish tutish oyog‘imizga urilgan kishan emasmi?!

 

Dostonbek Baxtiyorzoda

Men ne derman, qo‘bizim ne der... (video) | Zamon.uz