Jamiyat

SSV fuqarolarni ommaviy to‘planmaslikka chaqirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni karantin qoidalariga va cheklovlariga qatʼiy rioya etishga, ommaviy to‘planmaslikka chaqirdi.

SSV fuqarolarni ommaviy to‘planmaslikka chaqirdi

«Bir necha kun muqaddam O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mavjud epidemiologik vaziyat tufayli yurtimizda barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari, sport musobaqalari, shuningdek, konsert, festival, teatr va kino dasturlari vaqtincha to‘xtatilishi belgilangan edi.

Bundan tashqari, 50 nafardan ko‘p bo‘lgan kishilar bir joyda, bir vaqtning o‘zida to‘planmasligi tavsiya etilmoqda. 

1 avgustdan boshlab esa to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, maʼraka va marosimlarni faqatgina 50 kishidan ko‘p bo‘lmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berilgan. Ushbu chora-tadbirlarning barchasi yagona maqsad — aholi salomatligini asrashga qaratilgan.

Biroq shunga qaramay, ayrim hollarda karantin qoidalari va cheklovlari qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlar ham kuzatilmoqda. 

Xususan, kecha, 13 iyul kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida Instagram va YouTube ijtimoiy tarmoqlarida “Subo” nomi bilan tanilgan rossiyalik bloger S.Mamedovni kutib olish uchun 150-200 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan. Ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida tarqalgan ushbu tadbir aks etgan videotasvirlardan ko‘rish mumkinki, bu yig‘inda ishtirok etgan yoshlar tomonidan mamlakatimizda o‘rnatilgan ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish kabi karantin qoidalariga mutlaqo rioya etilmagan. 

Aytish kerakki, bu holat koronavirus infeksiyasining yana-da keng tarqalishi va epidemiologik vaziyat yana-da og‘irlashishiga olib kelishi mumkin. Kasallikning yangi shtammlari tez yuqishi, jadal rivojlanishi hamda yashirin ravishda organizmni kuchli jarohatlashi kuzatilmoqda. Inson o‘z organizmida kechayotgan jarayonni bilmay qolishi ham mumkin.

Shu bois, barcha fuqarolardan karantin qoidalari va cheklovlari, sanitariya va gigiyena talablariga qatʼiy rioya etishga, ommaviy to‘planmaslikka chaqiramiz. Ota-onalar o‘z farzandlariga bu borada tegishli tushuntirish berishlari, ko‘pchilik to‘planadigan joylardan uzoq bo‘lishlariga eʼtibor qaratishlarini so‘raymiz.

Zero, birgina eʼtiborsizlik, loqaydlik, o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligini xavf ostiga qo‘yishi, COVID-19 infeksiyasi yurtimiz aholisi orasida yana-da keng tarqalib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

SSV fuqarolarni ommaviy to‘planmaslikka chaqirdi | Zamon.uz