Navoiyda mast fuqaro tanishini pichoqlab o‘ldirib qo‘ydi
17 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudining hukmi bilan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan shaxsga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, A. ismli fuqaro yo‘l-transport hodisasiga uchragan Nexia rusumli mashinasini tuzatish uchun ustaxonaga borgan. Biroq usta mashinani tuzatishdan ko‘ra uni sotib olish taklifini bergan. Avtomobil 22 million so‘mga baholangan va usta fuqaro A.ga dastlab 1000 dollar va 1 million so‘m bergan.
Vaqt o‘tib, 16 mart kuni fuqaro A. qolgan pulni undirishga ustaning uyiga kelgan va unikida spirtli ichimlik ichib, ovqatlangan. O‘rtada o‘zaro janjal kelib chiqqan va A. mashina ustasining yuziga bir marotaba urgan. Usta esa oshxona pichog‘ini yigitning chap ko‘krak sohasiga bir marta sanchib olgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida halok bo‘lgan.







