Qayta chaqiriqlar "Tez yordam" brigadalarining manzilga kechikib borishiga sabab bo‘lmoqda
Sog‘liqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha aholi orasida “COVID-19” infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortayotgani sababli Toshkent shahar “103” tez tibbiy xizmatiga kelib tushayotgan kunlik chaqiriqlar soni ham oshib bormoqda.

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyevning so‘zlariga ko‘ra ayni paytda shahar “Tez yordam” xizmati CALL-markaziga bir kunda o‘rtacha 5000-5100 nafar fuqaro murojaat qilmoqda. Jumladan, 8 iyuldan-12 iyulgacha 26 ming 421 ta chaqiriq kelib tushgan bo‘lsa, shundan pnevmoniya belgilari kuzatilgan, koronavirusga gumon qilingan yoki tashxis qo‘yilgan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan kasalangan ikki ming uch yuz qirq nafarga yaqin bemorga sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ammo, keyingi vaqtlarda bir manzilga bir nechta joydan qayta-qayta chaqiriqlar kelib tushmoqda. Yaʼni, bitta bemorga oila aʼzolari, do‘stlari, shuningdek, qo‘shnilari tomonidan ham murojaatlar qabul qilinmoqda. Aytish lozimki, bu kabi holatlar pandemiya davrida shundoq ham tig‘iz tartibda faoliyat yuritayotgan tez tibbiy yordam xizmati ishini yana-da qiyinlashtirib, “103” brigadalariga yuklamalar ortishiga sabab bo‘layotir. Qolaversa, qayta chaqiriqlar tufayli bitta manzilga bir vaqtning o‘zida ikkita, uchta, hatto, to‘rttagacha “Tez yordam” avtomashinasining borib qolish holatlari kuzatilmoqda.
Aholining “103” xizmatiga murojaatlari soni oshib borayotganligi sababli shu kunlarda shahar “Tez yordam” xizmati avtoparkiga oltmish beshta yangi avtotransport vositasi olib kelindi hamda tibbiyot xodimlaridan iborat qo‘shimcha brigadalar tashkil etildi. Toshkent shahar “103” xizmati CALL-markazi operatorlari soni qo‘shimcha qirqtaga oshirilib, jami sakson nafarga yetkazildi.







