Jamiyat

Salom, do‘stim kashanda!

Salom, kashanda! Chekyapsanmi? Senga bir gap aytaman, qiziqsang, qiziqmasang, farqi yo‘q. To‘xta, yuzingni burib, qochma…

Salom, do‘stim kashanda!

 

 

Eslaysanmi, hali chekish nimaligini bilmagan paytlaring hayot ancha boshqacha edi. Deyarli tashvishsiz yasharding. Necha yoshda chekishni boshlaganingni farqi yo‘q. Muhimi, boshlagansan. Hozir chekmasdan yashashni tasavvur qilib ko‘rganmisan? Bir xayolingdan o‘tkazib ko‘r-chi…

 

Chekmasingdan avval chekadigan kashandalarga havas bilan qararding, endi bo‘lsa, chekmaydiganlarga. Inson o‘zi shunday, doim kimgadir havas bilan yashaydi. Havasingni keltirgan odamlar qilgan ishni (chekishni) uddalading-ku. Demak, jon-dilingdan intilsang, hamma narsa qo‘lingdan keladi. Nega unda hozir chekmaydiganlarga havas ko‘zi bilan qarab turgan bo‘lsang ham ular qilgan ishni qilishga qo‘ling bormayapti? Yo uddalay olmaysanmi? Irodang shu qadar kuchsizmi?

 

Seni bilaman… Chekmasdan yashashni ham tasavvuring ko‘tarolmaydi. Tamakining sodiq quliga aylanib ulgurgansan, to‘g‘rimi? Inkor qilma, sen qulsan – tamakining sodiq quli. Endi-endi boshlagan paytlaring, o‘zingcha hammadan yashirirarding. Keyinchalik siring fosh bo‘la boshlagach hammaga ko‘z-ko‘z qilib tamaki tutunini buruqsita boshlading. Olaming ham tutunga to‘ldi.

 

 

Chekayotgan paytingda bolangni (agar bo‘lsa) ko‘zlariga qaraganmisan? Qizlaring senga achinish ko‘zlari bilan qarab turganday seziladi (bir kuzatib ko‘r). Ammo o‘g‘lingga ham bir nazaring tushsin. U sen bir paytlar havas qilib turgan holatingga o‘xshaydi. Agar shunday bo‘lsa, ajablanma, u sening ko‘zguying. Hademay chekishni boshlasa, hayratlanma. Chunki, u sensan.

 

Jahling chiqa boshladimi? Albatta, chiqadi-da. Bilaman, bolangni asrash uchun hamma narsaga tayyorsan. Hatto, uni bosim ostida ushlashga ham. Lekin sen shuni bilib qo‘y, bu usuling hech qanday ahamiyatga ega emas. Mutaxassislarning aytishicha, oilada ota yoki ona farzandlari yonida ham chekaversa bolalar ham o‘z-o‘zidan passiv chekuvchi, yaʼni u ham kashandaga aylanar ekan, garchi u chekmasa ham.

 

Demak, farzandlaringning bunday holatga kelishiga o‘zing sababchisan va aybdorsan. Shuning uchun, farzandingni chekayotganida tutib olsang, bor aybni unga to‘nkashdan avval o‘zingga savol ber. “Men o‘zim bilmagan holda, ularni o‘rgatib qo‘ymadimmi?” de!

 

 

Ehtimol, sen hozir men sigaret chekmayman, nos mening “kumir”im dersan. Kulgimni qistatma, nos sigaretdan ko‘ra zarari kuchli bo‘lsa, kuchlidir, ammo kam emas. Nosni bolalaring oldida ham bemalol og‘zingni katta ochib to‘ldirib olsang kerak, har holda. Yosh bolalarga eʼtiborli bo‘l, “Dadam bir narsa yeyapti, demak, yesa bo‘larkan”, deb og‘ziga solmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Uning tarkibi qanday zararli moddalarga to‘lib-toshib yotganini mendan ham yaxshi bilsang kerak. Bu yosh bolaning umriga so‘nggi nuqta qo‘yish-qo‘ymasliga hech kim kafolat berolmaydi. Keyin butun hayoting davomida o‘zingni aybdor his qilishingni o‘ylab ko‘r.

 

Qara, senga o‘zimni aqlli ko‘rsatib, buning zarari unday, uning zarari falon filon deganim yo‘q. Men aytmasam ham, o‘zing yaxshi bilasan. Lekin bilib turib chekaverasan.

 

Men senga aytsam, do‘stim kashanda, o‘zingga achinmaysan, bilaman, lekin o‘zingdan qoladigan zurriyoding uchun xiyonat qilma. Ular seni deb, turli xil kasalliklar bilan og‘rishiga, nogiron bo‘lib tug‘ilishga mahkum bo‘lib qolmasin.

 

Agar shularga rozi bo‘lsang, marhamat, erking o‘z qo‘lingda. Chekaver. Tamaki tutunidan mazza qilib rohatlan va so‘nggida tamom bo‘layotgan davomchilaringni o‘ylab, vijdon azobida qiynal…

 

Xo‘sh, chekasanmi? O‘ylab ko‘r…

Dostonbek Baxtiyorzoda

Salom, do‘stim kashanda! | Zamon.uz