Emlangan har 1000 insondan bor-yo‘g‘i to‘rttasiga vaksina nojo‘ya taʼsir ko‘rsatadi ─ Nurmat Otabekov
Nihoyat olimlar va mutaxassislar tomonidan yaratilgan va patentlangan turli vaksinalar ishlab chiqarila boshlandi.


Sir emas, ayni paytda butun dunyo aholisi koronavirus infeksiyasidan aziyat chekmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabariga ko‘ra virusning yangi “delta” to‘lqini ham tarqalishga ulgurgan. Virusning oldingi to‘lqinlari davrida insonlarda faqat kasallikka qarshi vaksina topilishi va bu orqali virusdan xoli bo‘lish istagi bor edi.
Nihoyat olimlar va mutaxassislar tomonidan yaratilgan va patentlangan turli vaksinalar ishlab chiqarila boshlandi. Afsuski, ishlab chiqarilayotgan vaksinalar miqdori emlanishi kerak bo‘lgan dunyo aholisiga qaraganda ancha kam. O‘zbekistonda ham koronavirus bo‘yicha vaziyat saqlanib turganligi rost. Vaziyatning og‘ir holatga kelib qolmasligi uchun mamlakatimizda ham uch oydan buyon aholini emlash ishlari olib borilmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda, shu kungacha yurtimizga qariyb 7 million 600 mingga yaqin vaksina olib kelingan.
Mamlakatimizning umumiy aholisi esa 34 million 800 ming kishidan oshgan. Aholining 37 foizga yaqin 18 yoshgacha bo‘lgan qismi vaksina qabul qilmaydi. Shu vaqtgacha yurtimizga keltirilgan va zaxirada turgan vaksina emlanishi kerak bo‘lgan aholining qariyb 36- 38 foiz qismini emlash uchun yetarli ekan. Qolgan 60 foizdan ko‘proq aholi esa vaksinaning yangi to‘plamini olib kelinishini kutishi kerak.
Ijtimoiy tarmoqlar va odamlar orasida tarqalgan vaksina haqidagi vahimali xabarlar odamlarni ikkilantirib qo‘ymoqda. Emlanishdan keyingi nojo‘ya taʼsirlar va kasallikni yuqtirib olish holatlari ham bunga qo‘shimcha bo‘lmoqda. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Nurmat Otabekovning aytishicha, emlangan har 1000 insondan bor-yo‘g‘i to‘rttasiga vaksina nojo‘ya taʼsir ko‘rsatadi. Vaksinadan keyingi qon bosimi ko‘tarilishi, isitma, mushaklar og‘rishi va boshqa holatlar kuzatilishi tabiiy holat. Emlangan insonlarda virusga qarshi immunitet hosil bo‘lishi bir oydan to‘rt oygacha davom etar ekan.







