Jamiyat

Litseylarga qabul imtihonlari sentyabrga qoldirildi

Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sababli akademik litseylarga kirish imtihonlari avgust oyidan sentyabr oyiga ko‘chirildi. OTMlarga qabul imtihonlari esa belgilanganidek avgustda o‘tkazilishi maʼlum qilindi.

Litseylarga qabul imtihonlari sentyabrga qoldirildi

 

 

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi to‘xtatilgani bois akademik litseylarga dastlabki saralash va asosiy imtihonlarni o‘tkazish vaqti ko‘chirildi.

Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligidan maʼlum qilishlaricha, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda akademik litseylarga saralash imtihonlarining o‘tkazilishi joriy yil sentyabr oyining birinchi yarmida rejalashtirilmoqda. Imtihonlarning aniq sanasi keyinroq eʼlon qilinadi.

Ayni paytda, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari ham o‘tgan yilda bo‘lgani kabi bu yil ham sentyabr oyida o‘tkazilishi haqida tarmoqda tarqalgan xabarlarni Davlat test markazi rad etdi.

“Bu bo‘yicha shuni maʼlum qilamizki, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarini o‘tkazish muddatlari sentyabr oyiga surilgani yo‘q va imtihonlarni amaldagi qonunchilik hujjatlariga ko‘ra avgust oyida o‘tkazish rejalashtirilgan”, – deyiladi DTM axborotida.

Litseylarga qabul imtihonlari sentyabrga qoldirildi | Zamon.uz