Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston delegatsiyasi shtabi rasman ish boshladi
Tokio-2020 Olimpiya shaharchasida mamlakatimiz delegatsiyasining shtabi rasman o‘z ishini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi maʼlum qildi.Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Tezkor shtab boshlig‘i Sherzod Toshmatov boshchiligidagi jamoa asosiy delegatsiya tashrifiga qadar barcha masalalarni hal qilmoqda.


Butun dunyodagi epidemiologik vaziyat sabab ijtimoiy masofa, mehmonlarning salomatligi juda qattiq nazorat ostida bo‘ladi. MOQ vakillari hozirda delegatsiyamiz aʼzolari uchun xizmat qiladigan transport vositalari, ular yashaydigan va harakatlanadigan hududni o‘rganib chiqmoqda.

Mazkur guruhdan MOQ Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev, Olimpiya sport turlari faoliyatini koordinatsiya qilish departamenti direktor o‘rinbosari Hikmat Toshmatov, Xalqaro aloqalar departamenti bosh mutaxassisi Nozim Otaqulov, Tezkor shtab aʼzosi Murod Choriyev va RSTIAM shifokori, COVID-ofitser Aʼzamjon Soliyev o‘rin olishgan.
Eslatib o‘tamiz, Tokio-2020 Olimpiadasida ishtirok etadigan delegatsiyamizning asosiy qismi 20 iyul kuni Olimpiya shaharchasiga kirib joylashadi.
Jamshid Amirov







