Yil boshidan beri qancha o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlashga ketgani maʼlum bo‘ldi
Joriy yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning 22 mingdan ortiq fuqarosi tashkiliy ishlar doirasida Rossiyaga ketgan.

Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.
“Yanvar-iyun oylarida pandemiya sharoitida ish beruvchilar bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 22 116 nafar O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida ishlashga jalb qilish va jo‘natish tashkillashtirildi”, deyiladi agentlik xabarida.
Bundan tashqari, 3 354 nafar fuqaro Qozog‘istonda, 1 123 nafari Turkiyada, 826 nafari Janubiy Koreyada, yana 1 574 nafari boshqa mamlakatlarda ish bilan taʼminlangan.
Agentlikning maʼlumotlariga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida jami 28 993 nafar o‘zbekistonlik shartnoma asosida chet elga ishlash uchun ketgan.







