Jamiyat

“Dardimni davolayman deb, tadbirkor bo‘ldim”

Marg‘uba opa otasidan erta ayrildi. Oilada qizlarning kattasi bo‘lgani bois, onasiga yordamchi, ukalariga bosh bo‘lib ulg‘aydi. Yoshligida ko‘rgan qiyinchiliklarining huzurini bir oilaning baxtli bekasi bo‘lganda ko‘raman, deya kelajakka umid bog‘ladi. Ammo ikki qizli bo‘lgach, turmushi o‘xshamadi. Turli nizolar sabab ota uyiga qaytib keldi. Lekin u tushkunlikka tushmay, bir kuni qalb tubidagi umid gulining gullashiga ishonib yashadi.

“Dardimni davolayman deb, tadbirkor bo‘ldim”

 

 

— Qizlarimni ulg‘aytirib, o‘qitdim. Hozir ikkalasi ham baxtli. Uch nafar nabiram bor, — deydi Marg‘uba O‘rinova.

— Endi tashvishlardan qutuldim, farzandlarim va nevaralarimning rohat-farog‘atini ko‘rib yashayman, deganimda Allohim menga yana bir sinov yubordi. Yurak xuruji va saraton kasalligiga uchradim. Bilasizmi, inson qancha ko‘p sinovlarda toblansa, u shuncha kuchli bo‘lib boraverarkan. O‘zimda kechayotgan kasalliklarni tabiiy yo‘l bilan davolash maqsadida har kuni internetdan maʼlumotlar to‘plardim. Kunlarning birida tuyaqushning ko‘p dardlarga davo ekani haqida o‘qib, bu jonivorga qiziqib qoldim. Yurtimizda ayollarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan men ham unumli foydalanish maqsadida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘shishga kirishdim. Sarsongarchilik, turli to‘siqlar, yer va pul muammosi... Xullas, boshida juda qiynaldim. Kunim tashkilotlar eshigi tagida navbat poylash, rad javobini olish bilan o‘tardi. Oxiri, bankdan salkam 29 million so‘m imtiyozli kredit olishga erishdim. Dardimni davolayman deb, tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordim.

 

Boshida yetti bosh naslli tuyaqush boqdik. Tuyaqushlarning mahalliy sharoitga moslashishi qiyin kechmadi. Dastlab o‘n besh ta jo‘ja chiqardik. Tuyaqushlar to‘liq tuxumga kirgach, o‘tgan yilda inkubatsiyadan qirqta jo‘ja ola boshladik. Natijada, Uychi tumanidagi Guliston mahallasida tuyaqushchilikka ixtisoslashgan butun boshli ferma — “Elma straus” korxonasi vujudga keldi.

 

 

Tuyaqushlarni olib kelish, Afrika havosidan o‘zimizning sharoitga moslashtirish ancha mehnat talab qiladi. Ularni parvarishladim, sotuvga chiqardim. To‘g‘risi, o‘ylaganimdan ko‘ra ancha yaxshi foyda ko‘rdim. Chunki 28 million 900 ming so‘mga yetti bosh tuyaqush olib kelgan bo‘lsam: to‘rttasini 6 ming dollarga, ikkitasini 16 millionga sotdim. Bittasi nafari ob-havoga moslasholmay, nobud bo‘ldi.

 

Tadbirkorlik — oson ish emas, albatta. Uni yo‘lga qo‘yish, yaxshi natijalarga erishish uchun katta bilim kerak. Tinmay izlanish, sohaning hadisini olish darkor. Hech qanday tushunchaga ega bo‘lmagan kishi bu borada muvaffaqiyatga erishishi qiyin. Marg‘uba opa ham tuyaqushchilik bo‘yicha bilimlarini boyitdi.

 

 

Bu jonivorning turgan — bitgani foyda. Deylik, 50 santimetrli pati dekorativ bezak uchun ishlatiladi, — deydi qahramonimiz. — Terisi timsoh terisi kabi sifatli, tashqi taʼsirlarga chidamli. Undan poyabzal, sumka va boshqa jihozlar tayyorlanadi. Tanasidagi moyi og‘riq qoldirish xususiyatiga ega. U kosmetikada ham keng ishlatiladi. Go‘shti vitaminga boy, parhezbop. Immunitetni mustahkamlaydi. Tarkibida xolestrin miqdori kam. Qoramolnikiga qaraganda tez pishadi. Bir bosh tuyaqush risoladagidek boqilsa, 6- 7 oyda go‘shtga tayyor bo‘ladi. Undan 35 kilogramm lahm go‘sht olish mumkin. O‘n oyda 70-80 kilo bo‘ladi. Yaqindagina o‘ntasi go‘shtga topshirildi. Go‘sht esa bozor bahosida 80-110 ming so‘m. Yog‘i esa 220 ming so‘m. Bitta tuyaqush o‘rtacha 15-20 kilo yog‘ beradi. Tuyaqush jo‘jasining narxi bir million so‘m turadi. Isteʼmolbop bir dona tuxumi esa 100 ming so‘m. Tuyaqushlar quyoshni va tozalikni yoqtiradi. Rangni tez farqlaydi. Odamlarni yaxshi ko‘radi.

 

 

 

Xalq boy bo‘lsa, yurt farovon bo‘ladi. Insonlar o‘tayotgan umridan rozi yashaydi. Harakat qilgan, izlangan va mashaqqatlarni yenga olgan inson kun kelib o‘z maqsadlariga erishishi, orzulari ro‘yobga chiqishi tayin. Marg‘uba opa ham iikkinchi guruh nogironi bo‘lishiga qaramay o‘n besh kishini ish bilan taʼminladi. Bugun ularning ro‘zg‘origa baraka kirgan. Barchasi bandligi taʼminlanganidan xursand. Marg‘uba opa yaqin orada faoliyatini yana-da kengaytirib, echkichilik va qoramolchilik faoliyatini ham yo‘lga qo‘yish arafasida. Tadbirkorning rejalari amalga oshsa, yana yangi ish o‘rinlari ko‘payadi.

 

Bahriniso MADUMAROVA

“Dardimni davolayman deb, tadbirkor bo‘ldim” | Zamon.uz