O‘zbek Xitoy vaksinasiga ishonsa bo'ladimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda emlashning nojo‘ya taʼsiri, emlashdan keyingi asoratlar va o‘lim holatlari to‘g‘risida chiqishlar qilinmoqda.


Respublikamiz aholisi orasida ham ushbu chiqishlarni o‘qib ko‘rgan odamlar xuddi o‘zlari boshidan kechirgandek qilib so‘zlab berishi emlashga nisbatan turli salbiy fikrlarni ko‘payishiga olib kelmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov «COVID-19ga qarshi vaksinalarning aholi salomatligiga taʼsiri» mavzusidagi matbuot anjumanida aholi orasida tarqalgan bu kabi mish-mishlarga aniqlik kiritdi:
— Emlashdan maqsad, avvalambor, kasallikka chalinishni, asoratlarini, shuningdek bu kasallikdan yuzaga keladigan o‘lim holatlarini kamaytirishdan iborat. Emlash natijasida organizmda virusga qarshi antitanalar hosil bo‘ladi, bu antitanalar organizmga virus tushganida kasallik chaqirish darajasigacha ko‘payishga ulgurmasdan ularni yo‘qotish uchun organizmdagi immun hujayralarni safarbar etadi. Natijada, kasallika chalinish ehtimoli pasayadi. Agarda kasallik yuzaga kelgan vaziyatda ham yengil kechishini taʼminlaydi.
Dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 194 milliondan oshgan, 4 milliondan ortiq bemor vafot etdi. Albatta, bir qarashda bular bir raqam. Ammo bu raqamlar ortida juda ko‘pchilikning fojiali taqdiri, ayanchli qismati yotibdi. Vaziyat zinhor yumshayotgani yo‘q. O‘zbekistonda ham koronavirusga chalinganlar soni ortib boryapti.
Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlarida ahvol juda og‘ir. 1 apreldan boshlab emlash amaliyoti tatbiq etildi. Shu paytga qadar 9,8 mln doza vaksina olib kelindi. Shundan 8,5 mln dozasi O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan vaksinadir.
Bu vaksinalar tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. JSST tomonidan o‘zbek-xitoy va «Sputnik V» vaksinalarini favqulodda holatlarda qo‘llashga ko‘rsatma berilgan. AstraZeneca vaksinasi esa JSST tomonidan ro‘yxatga olingan.
Shu kungacha O‘zbekiston aholisining 1 mln 31 ming nafari, yoki emlanuvchilarning 4,9 foizi to‘la emlab bo‘lindi. Afsuski, bitta emlash punkti bir kunda 70 kishini emlashi mumkin bo‘lgani holda 19 kishini emlayapti. Bunga soha mutaxassislari bo‘lmaganlarning axborot tarqatish imkoniyatidan foydalanib, aholini chalg‘itayotgani asosiy sabab bo‘layotganini aytish lozim.
Tadbirda professor Zarifboy Ibodullayevning Facebookdagi chiqishi bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi katta ilmiy xodimi Anvar Abdurahimov ham atroflicha javob berdi:

— Pandemiya boshlangandan so‘ng Xitoy fanlar akademiyasi mikrobiologiya instituti tomonidan xitoy-o‘zbek vaksinasini ishlab chiqish uchun hamkorlikda ishlar olib bordik. O‘rgandik, izlandik. Buning natijasida memorendum imzoladik. Memorendumga ko‘ra, toki vaksina tayyor bo‘lgunga qadar vaksina texnologiyasi ochiqlanmasligi belgilangan edi. Shundan so‘ng, ushba vaksinaning 1-2 klinik sinovlari Xitoyda o‘tkazilgan. 3-klinik sinovlari Xitoy bilan baravar O‘zbekistonda ham boshlandi. Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri vaksinani olib kelib, aholida qo‘llaganimiz yo‘q. Uni olib keliboq, birinchi o‘rinda, uning tozaligi, sifati va uning nojo‘ya taʼsirlari bor-yo‘qligini tekshirdik va jonzotlarda sinab ko‘rdik. Ana shundan so‘nggina, biz uni amaliyotga tatbiq etdik. Bu yerda inson taqdiri turibdi. Tajribadan o‘tgan vaksinani hayotga tatbiq etdik. To‘g‘ridan-to‘g‘ri odamlarda qo‘llanilgani yo‘q. Nima bo‘lganda ham kasallikning oldini olgan yaxshi. Virus joy, zamon, makon tanlamaydi.
Jahon sog‘liqni saqlash vazirligiga ikkita yangi vaksina taqdim etdik. U tasdiqdan o‘tsa, amaliyotda qo‘llay boshlaymiz.
Koronavirusga qarshi yagona chora bo‘lib turgan vaksinalar haqida turli asossiz mish-mishlarga odamlarning ishonib qolayotgani achinarli holat. Bir so‘z bilan aytganda, AQSH Prezidenti Jo Bayden taʼkidlaganidek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bu kabi yolg‘on xabarlar odamlarni o‘ldirmoqda.
Bahriniso MADUMAROVA







