“16 fevral voqealari” bo‘yicha sudlangan 5 kishi oqlandi
“16 fevral voqealari” bo‘yicha sudlangan 5 nafar shaxs oqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy matbuot markazi xabar berdi.


Qayd etilishicha, 24 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudida 1999 yil 16 fevral voqealariga aloqadorligi yuzasidan sudlangan 5 nafar shaxsga oqlov hukmi eʼlon qilingan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, oqlangan 5 nafar fuqaroga 1999 yilda 3 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan bo‘lgan. 1999 yilda o‘tgan sud hukmidan norozi bo‘lgan 5 nafar shaxs oradan 22 yil o‘tib, sudga appelyatsiya shikoyati bilan murojaat qilganlar.
22 yil avval ularga Jinoyat kodeksining 208-moddasi yaʼni Hokimiyat harakatsizligi, yaʼni davlat organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Shuningdek, ular 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “9-Mayni Xotira va qadrlash kuni” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan amnistiya farmonini 2-moddasi tatbiq etilib, tayinlangan jazoni o‘tashdan ozod qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 1999 yil, 16 fevral kuni Toshkentning besh joyida portlashlar yuz bergan. 10:45 daqiqa o‘tganda Vazirlar Mahkamasi binosi oldida bomba o‘rnatilgan mashina portlagan. Shu kuni 1998 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lishi kerak edi. Rasmiylarga ko‘ra, portlash Prezident Karimov kelishiga 10 daqiqa qolganda sodir bo‘lgan. 16 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan. Portlashlar terakt va Prezident Karimovga suiqasd deb eʼlon qilingan.
Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.







