Jamiyat

Majburiy emlanishdan asossiz bosh tortgan 14 toifadagi xodimlarga qanday jazo qo‘llanishi ko‘rib chiqilmoqda ─ Nurmat Otabekov

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan majburiy vaksinatsiya qilinuvchi shaxslar asossiz emlanishni rad etgan taqdirda, qanday jazo qo‘llashni ko‘rib chiqish Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Bu haqda, 23 iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov aytib o‘tdi.

Majburiy emlanishdan asossiz bosh tortgan 14 toifadagi xodimlarga qanday jazo qo‘llanishi ko‘rib chiqilmoqda ─ Nurmat Otabekov

 

 

Respublika maxsus komissiyasining 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida aholi bilan muloqotga kiruvchi 14 toifadagi ishchi-xodimlarni 1 sentyabrdan 1 noyabrgacha 3 dozada vaksinalar bilan ommaviy emlanishi (salomatligi bo‘yicha qarshi ko‘rsatma bo‘lgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilangan edi. Lekin ommaga oshkor etilgan xabarda 14 toifaga kiruvchi shaxslar majburiy emlanishni asossiz rad etgan taqdirda, ularga qanday chora ko‘rilishi qayd etilmagan.

 

«Respublika komissiyasining oxirgi bayonnomasida aynan mana shu masala bo‘yicha Adliya vazirligiga topshiriq berilgan. Javobgarlik nuqtai nazaridan bu masalaga oydinlik kiritiladi va omma eʼtiboriga yetkaziladi», – dedi mutaxassis.

 

Uning alohida taʼkidlashicha, emlanishi shart bo‘lgan toifadagi xodimlar vaksina olmasa, atrofdagilarga xavf tug‘diradi va boshqalarga kasallikni yuqtirishi mumkin.

 

«Bizni qiziqtiradigan narsa shuki, men emlansam va emlangandan keyin hosil bo‘lgan immunitetim juda yuqori bo‘lmasa, nega mening atrofimdagilar umuman emlanmasdan meni xavf ostiga qo‘yishi kerak? Shu nuqtai nazardan biz emlanishi shart deyapmizmi, agar u emlanmasa, aholi bilan muloqotda bo‘lib, boshqalarga xavf tug‘dirish ehtimolidan mahrum qilinadi. Demak u kishi, aytaylik, shu oshxonada ishlamaydi, sartaroshxonada ishlamaydi. Dam olib uyida kutib o‘tiradi, qachonki epidemiologik barqarorlik yuzaga kelganidan keyin o‘z faoliyatini davom ettiraveradi. Ularning oshpazlik, yoki ustalik kasbini hech kim olib qo‘ymaydi», – dedi Otabekov.