Jamiyat

Sirdaryoda ota-bola hokimlik zaxirasidagi 14 gektar yerni 30 ming dollar evaziga rasmiylashtirib berishga urindi

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida o‘zganing ishonchiga kirib, uning katta miqdordagi pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘lgan baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari hamda uning o‘g‘li qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati maʼlum qildi.

Sirdaryoda ota-bola hokimlik zaxirasidagi 14 gektar yerni 30 ming dollar evaziga rasmiylashtirib berishga urindi

 

 

Maʼlum qilinishicha, ular fermer xo‘jaligining hozirda tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan 14 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 30 ming AQSH dollari talab qilib, muqaddam 20 ming dollar olgan.

DXXning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirida fermer xo‘jaligi rahbari qolgan puldan 9,5 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Xovos tumanida kuzatilgan yana bir holatda esa muqaddam sudlangan, hozirda quruvchilik bilan shug‘ullanuvchi fuqaro tumanning “Chanbil” qishlog‘ida mebel ishlab chiqarish zavodi va zavod ishchilariga uy-joy qurish uchun ajratilgan yer maydonidan 10 sotixini vakolatli tanishlari orqali xaridor nomiga uy-joy qurish uchun rasmiylashtirib berish evaziga 22,5 million so‘m talab qilgani aniqlangan.

U so‘ralgan puldan avans sifatida 15 million so‘m olgan vaqtida DXX va departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlangan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining Sardoba tumani bo‘limi bosh inspektori lavozimida ishlovchi muqaddam sudlangan shaxs 2 nafar fuqaroning mehnat faoliyatiga ega ekanligi to‘g‘risida soxta hujjatlar tayyorlab, ularning nafaqa pullarini oshirib berish evaziga 500 dollar talab qilgan. Fuqaro so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sirdaryoda ota-bola hokimlik zaxirasidagi 14 gektar yerni 30 ming dollar evaziga rasmiylashtirib berishga urindi | Zamon.uz