Vaksinadan qancha foyda olish mumkin?
Inqirozlar ko‘plab muammolarga sabab bo‘lsa-da, yangi imkoniyatlar manbai hamdir.


Pandemiya dunyo davlatlari iqtisodiyotiga katta zarba bergan bo‘lsa-da, yangi daromadli manbalarini taqdim etdi. Buni vaksinalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
2020 yil oktyabrida RF prezidenti Vladimir Putin biznes doiralar bilan uchrashuv vaqtida, yaqin yillarda Rossiya vaksinasi 100 mlrd AQSH dollari atrofida sotilishini va bu yaxshi biznes ekanligini taʼkidlab o‘tgan edi. O‘tgan oylar buning ayni haqiqat ekanligini tasdiqladi. Covid-19 kundan-kunga keng tarqalib borayotgani vaksinalashni kengaytirish va iloji boricha barcha aholi qatlamlarini bu jarayonga jalb qilishni zaruratga aylantirib qo‘ydi. Jahonning yetakchi davlatlari va farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinalar hozirgacha milliardlab dollarga sotildi va sotilmoqda. Quyida vaksinalar savdosi qay darajada foyda keltirishi haqida so‘z yuritiladi.
“Sputnik -V” Rossiyaga qurol-yarog‘ savdosidan ko‘p foyda keltiradi

“Sputnik -V” koronavirusga qarshi ro‘yxatga olingan birinchi vaksina sifatida mashhur. 2021 yil iyun oyi holatiga ko‘ra vaksina dunyoning 67 davlatida ro‘yxatga olingan. Vaksina to‘liq taʼsir ko‘rsatishi uchun 2 dozada olinishi shart. Hozirda Rossiya eksportga 1 doza vaksinani 10 $ dan sotmoqda, uning tannarxi esa 9.5 $ ni tashkil qiladi. Iqtisodchi A.Razuvayev “Regnum” axborot agentligiga bergan intervyusida 2021-2022-yillarda Rossiya 30 milliard dollarlik vaksina sotishini maʼlum qildi. Hozirgi kunda RF yiliga 15 milliard dollarlik qurol, 37.1 milliard dollarlik gaz sotadi. Bu tovarlar Rossiya eksportining asosiy qismini tashkil etishi hisobga olinsa, “Sputnik-V” asta-sekin Moskva eksportining muhim qismiga aylanib bormoqda.
“Moderna”- 11 yil kutilgan omad

Timoti Springer va Roberte Langere ismli ikki investor 2010 yilda “Moderna” kompaniyasiga mos ravishda 5 mln va 1.5 mln $ sarmoya kiritishadi. Biroq oradan 11 yil o‘tib milliarder bo‘lishlari hayollariga ham kelmagan bo‘lsa ajab emas. 2021 yilga kelib Springer boyligi 2 milliard dollarni, Langere boyligi esa 1.5 milliard dollarni tashkil qilmoqda. “Moderna” rahbari Stefan Banselning umumiy boyligi esa 4 millirddan oshib ketdi. Hammasiga-pandemiya sababchi. “Moderna” vaksinasiga hozirda talab juda katta va bu kompaniya aksiyalari narxi tobora oshishiga sabab bo‘lmoqda. Vaksina samaradorligi 94 % ni tashkil qiladi.
Ushbu vaksinaning bir dozasi 25-37 AQSH dollari atrofida. Iyul oyida kompaniya 100 mlrd $ga baholandi. Yil oxiriga qadar “Moderna” 18.4 milliard dollar foyda olishi kutilmoqda.
Pfizer-BionTechning muvaffaqiyatli savdosi dunyo milliarderlari sonini ko‘paytirdi

Pfizer-BionTech kompaniyasi birgalikda Covid-19 ga qarshi eng samarali vaksinalardan birini yaratdi. Bu o‘z navbatida vaksinaga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Hozirda uning samaradorligi 90 % dan ortiq. Pfizer kompaniyasi birgina 2021 yilning dastlabki choragida 3.5 milliard dollar, BionTech esa 2 milliard yevro foyda oldi. Yil oxiriga qadar Pfizer 26 milliard dollar sof foyda olishi kutilyapti. BionTech asoschilaridan biri Ugur Shaxin vaksinalarning muvaffaqqiyatli savdosi ortidan ilk bor milliarderlar ro‘yxatiga kiritildi, uning boyligi 4.2 milliard dollarga baholanmoqda.
Xulosa o‘rnida
Maʼlumot o‘rnida, shu paytga qadar yurtimizga 9,8 mln doza vaksina olib kelingan. Raqamlar haqida so‘z ketganda, yuqoridagi maʼlumotlarni inobatga oladigan bo‘lsak vaksina arzon emasligini, uni sotib olish va mamlakatga tashish talablariga muvofiq olib kelish ancha qiyin masala ekanini tushunish mumkin.
23-iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektr davomida ham bu masala shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qayd etildi. Davlatimiz rahbari, O‘zbekiston xalqiga murojat qilib, barchani vaksina olishga daʼvat qildi. Prezident vaksinalarni keltirish katta qiyinchilik bilan amalga oshirilayotganligini taʼkidladi.
So‘zimiz so‘ngida mushohada uchun yana raqamlarni keltirishga qaror qildik. So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 194 milliondan oshgan, 4 millarddan ortiq bemor vafot etgan. O‘lim bilan bog‘liq holatlarning jahon miqyosida ko‘payishiga, shubhasiz, ayrim davlatlarning vaksinatsiya jarayonini bepul amalga oshirishga qurbi yetmayotgani ham sabab. Xulosa esa o‘zingizdan.
Jahongir Qo'ziyev







