Xorijdagi 41 nafar vatandoshlarimiz videomurojaati nazoratga olindi ─ Senat
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda “Bizni qul qilib sotib yuborganmisizlar?” sarlavha ostida eʼlon qilingan videomurojaat keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.


Unda 41 nafar vatandoshimiz Tashqi Mehnat migratsiyasi agenligi Andijon filiali orqali Rossiya Federatsiyasiga ishga jo‘natilgani, biroq u yerda yetarli shart-sharoit yaratilmagani, vaʼda qilingan maosh to‘lanmayotgani taʼkidlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur videomurojaat Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi.
Qayd etilishicha, qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilishi bo‘yicha so‘rov yuborildi.
Holat bo‘yicha o‘rganish natijalari maʼlum qilinadi.







