Jamiyat

Nurmat Otabekov: «Biz aholini koronavirusga chalinganligidan qatʼi nazar emlashimiz kerak»

O‘zbekistonda fuqarolar koronavirusga chalingan yoki chalinmaganidan qatʼi nazar, emlanishi shart. Bu haqda 23 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov maʼlum qildi.

Nurmat Otabekov: «Biz aholini koronavirusga chalinganligidan qatʼi nazar emlashimiz kerak»

 

 

Anjumanda jurnalistlar «Bir yoki yarim yil ichida koronavirusga chalinib tuzalgan shaxslarda antitanalar bo‘lsa ham koronavirusga qarshi vaksina olishi kerakmi?», degan savol bilan masʼullarga murojaat qildi. Savolga Nurmat Otabekov javob berar ekan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) agar bemor kasallikka chalinib, undagi klinik belgilar to‘liq o‘tgan bo‘lsa, emlashga ruxsat berilganligini taʼkidlab o‘tdi.

«JSSTning fikriga ko‘ra, kimki kasallikni yengil o‘tkazgan bo‘lsa, ularda hosil bo‘lgan antitana titri pastroq, kimki kasallikni uzoqroq va og‘irroq o‘tkazgan bo‘lsa, ularda antitanalar titri bir muncha yuqoriroq bo‘ladi. JSSTga ko‘ra kasallikka chalinganlik va chalinmaganlikdan qatʼi nazar, emlanish shart. Demak, biz aholini kasallikka chalinganligidan qatʼi nazar, emlashimiz kerak. Kasallikka chalinganlarni kimdir uch-olti oydan keyin emlayotgan bo‘lsa, bu ularni emlash mumkin yoki mumkinligidan emas, balki o‘sha vaqtda emlanishi kerak bo‘lgan aholi qatlamiga vaksinani yetkazib berolmagani uchungina vaqtdan yutishga urinishyapti», – dedi Nurmat Otabekov.

Nurmat Otabekov: «Biz aholini koronavirusga chalinganligidan qatʼi nazar emlashimiz kerak» | Zamon.uz