Qashqadaryoga Xitoydan 18 ta maxsus suv tashish texnikalari olib kelindi
Qashqadaryo viloyatiga Xitoy Xalq Respublikasidan 18 ta maxsus suv tashish texnikalari olib kelindi.


Qayd etilishicha, “O‘zsuvtaʼminot” AJ tomonidan viloyatning ichimlik suvi yetib bormagan hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida hududga 18 ta 25 tonnali Shacman rusumli maxsus avtomashina olib kelingan.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Zoir Mirzayevning maʼlumot berishicha, ayni kunda viloyatdagi aholi punktlarining 37 foizida yashovchi aholi ichimlik suvi bilan taʼminlangan.
«Bundan besh yil ilgari viloyatdagi aholi punktlarining 52 foizi ichimlik suvi bilan taʼminlangan degan maʼlumot bo‘lgan. Aslida ayni kunda bu ko‘rsatkich 37 foizni tashkil qilmoqda. Shu sabab ham 2021 yilda viloyat aholisining ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 435 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan», — dedi viloyat hokimi Zoir Mirzayev.
Zoir Mirzayevning qo‘shimcha maʼlumot berishicha, Qashqadaryoga shu paytga qadar ichimlik suvi muammosini hal etish uchun yiliga nari borsa 100 milliard so‘mdan berilgan.

«2020 yilda 100 milliard so‘mdan pul olgan bo‘lsak, oldingi yillarda 47 milliard so‘mdan 76 milliard so‘mgacha pul berilgan. Bu yil respublika byudjetidan 435 milliard so‘m oldik. Bu juda katta mablag‘ va ko‘plab muammolar yechimi degani. Mazkur mablag‘ evaziga viloyatdagi 102 ta qishloqda yashovchi 371 ming 200 nafar aholining ichimlik suvi muammosi hal bo‘ladi», — deydi Qashqadaryo hokimi.
Taʼkidlanishicha, Xitoy Xalq Respublikasidan O‘zbekistonga 25 tonnali Shacman rusumli maxsus avtomashina 100 ta olib kelingan bo‘lib, shuning 18 tasi Qashqadaryoga berilgan.








