Bolalar onasiga nega olib berildi?
Er-xotinning ajrashishi oqibatida bolalar sarsonu sargardon bo‘lishi, yo ota mehriga, yoki ona g‘amxo‘rligiga zor-intizor bo‘lib o‘tishi hech kimga sir emas.


Bo‘lib o‘tayotgan sud majlislarida mana shunday bolalarni ko‘rib, yurak zirqiraydi. “Nega er-xotin ajrashdi ekan-a? Tinch, ahillikda yashasa bolalarga yaxshi bo‘lardi-ku!” deb o‘ylanib qoladi kishi. Ammo, hayot murakkab ekan…
Fuqarolik ishlari Samarqand shahar sudining 2021 yil 1 iyuldagi qaroriga asosan qarzdor Z.A.dan undiruvchi E.D.ning foydasiga ikki nafar farzandlarini olib berish belgilangan va sud qaroriga asosan ijro hujjati Byuroning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan.
Qarzdor Z.A.ga davlat ijrochi tomonidan tegishli tartibda ogohlantirish berilgan.
Olib borilgan majburiy ijro choralari davomida Z.A.dan undiruvchi E.D.ga ikki nafar farzandlari olib berildi.
Daʼvogar tomonidan olib berilishi so‘ralayotgan bolalar hali voyaga yetmagan, ular ko‘proq onaning parvarishiga, mehriga muhtoj, voyaga yetmagan bolalar javobgar bilan birga yashab kelgan, ona tabiatan otaga nisbatan bolalarga ko‘proq mehribondir, bolalar hozirgi kunda va hozirgi yoshida onaning parvarishiga ko‘proq muhtoj, ularning o‘z vaqtida ovqatlanishi, kiyimlarini toza bo‘lishida onaning o‘rni muhim ekanligiga alohida eʼtibor qaratib, amaldagi qonun talablaridan kelib chiqib, daʼvogar onaning javobgar otaga nisbatan bolalarni o‘z qaramog‘iga olib berish haqidagi daʼvo talabi qanoatlantirildi.
Oxun BERDIYEV, MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi







