Jamiyat

Erk ustidan savdo qilmang

Zamon o‘zgarishiga qarab hamma narsa moslasha boshlaydi. Hatto jinoyatlar ham. 30 iyul butun jahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni. Bu degani kurash faqatgina bugun degani emas, har daqiqa va har nafas unga qarshi kurash olib boriladi. Bu muammo butun dunyoning og‘riqli nuqtalaridan sanaladi.

Erk ustidan savdo qilmang

 

 

Biz odam savdogarlari ortidan izma-iz quvarkanmiz, ular foydalanadigan xiylalarni o‘rganayotganimizda bizga qarshi ular ham yangicha rejalar ustida ishlayotgan bo‘ladi. Shuning uchun o‘zingiz va atrofingizdagilarning hayotiga befarq bo‘lmang.

 

Umuman olganda, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar juda ham chigal ko‘rinishga kelganki, kundan kunga yangicha ko‘rinishlari paydo bo‘la boshlaydi.

 

Odamlarning mehnatidan foydalanish, ayollarni fohishalikka yollash, bolalarni tilanchilikka majburlash, tana ichki aʼzolarini sotish va bundan boshqa turlari eng ommaviylaridir. Bu kabi jinoyatlarning asosiy qurollari: aldov, terror, zo‘ravonlik. Uning ortida esa, albatta moddiy manfaatlar ko‘zlangan bo‘ladi.

 

Oxirgi paytlarda yangi tug‘ilgan go‘daklarni ham sotish hollari kuzatila boshladi. Bunday ish qiladigan odamlarni nima deb atash esa har kimning o‘ziga havola. Lekin biz hammamiz birlashib bunga qarshi turmasak yana-da avjiga chiqishi tayin.

 

Maʼlumotlarga qaraganda, odam savdosi bilan jabrlanganlarning dunyo bo‘yicha taxminiy soni 45.8 millionta ekan. Ularning ichida 10 millioni bolalarni tashkil etadi.

 

Tepadagi raqamlar albatta taxminiy, bizga nomaʼlumlari ham bo‘lishi katta ehtimoli bor. Bu  siz va bizga maʼlum bo‘lmagan qanchalab odamlar, ayollar va bolalar zulmlar qurshovida kun kechirishmoqda, degani. Tasavvur qilyapsizmi, shuncha odamning erki noqonuniy yo‘llar bilan o‘zidan mahrum etilgan. Ular sizdek istagan ovqatini yeyolmaydi, xohlagan kiyimini kiyolmaydi, borishni ixtiyor etgan  joyiga borolmaydi. Ularning o‘rnida siz ham bo‘lishingiz mumkin edi. Erkingiz o‘zingizda ekan, bu sizning baxtingiz. Shunday ekan, siz ham boshqalar uchun befarq bo‘lmang, ular ham sizdek yashashga haqli.

 

Ko‘p eshitganman, siz ga ham tanishdir, balki, chet ellarga ketganlarning ayrimlari sotilib ketgani haqida mish-mishlar yurardi. Ularning kuchi va mehnatidan tekin foydalanish uchun yoki muayyan bir shaxs ish beruvchidan mo‘maygina pul ishlab olish ilinjida sheriklari topgan pulni o‘z foydasiga yo‘naltirib yuborganlari haqiqat. Avvallari juda ham ko‘p kuzatilgan bu holat. Bu nomardlikdan boshqa hech nima emas. Unday sheriklardan voz kechish kerak. Bo‘lmasa, holingizga voy.

 

Odamlarning boshiga bunday ko‘rguliklar tushmasin degan maqsadda dunyoda odam savdosiga qarshi  tashkilotlar ish yuritadi. O‘zimizda ham bunday tashkilotlar mavjud. Qonunlar ham qabul qilingan. 

 

Birlashaylik, biz katta kuchmiz. Dunyodan barcha razil illatlarni bartaraf etishda o‘z hissangizni qo‘shing. Bu albatta qo‘lingizdan keladi. Kurashni hozirdan boshlang!

 

Dostonbek Baxtiyorzoda

Erk ustidan savdo qilmang | Zamon.uz